️Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan hududlardagi barcha bozorlar sanitariya-epidemiologik tadbirlarini, shu jumladan, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun har haftada bir marotaba yopilishi belgilandi, deya xabar qildi «Koronavirus Info» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Shuningdek, supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu ob’ektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*S va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talablari belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, 8 iyundan boshlab «sariq» va «yashil» hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi (damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno).

«Biroq, bu boradagi monitoring natijalari avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash bilan bog‘liq karantin talablarini buzib, tirbandlik hosil qilgan holda yo‘lovchi tashish holatlari uchrayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat sifatida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Transport vazirligiga avtobus reyslarida tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda boshqa sanitariya-epidemiologiya talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.