21 iyun kuni O‘zbekistonda aholi orasida koronavirus aniqlangan 22 kishi orasida sotuvchi, uchuvchi, bank, issiqxona, xorijiy korxona xodimi ham bor, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Avval xabar qilinganidek, 20 iyun sanasida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 21 iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi kamaygan bo‘lsa-da, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan.

21 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Buxoro viloyatida 11 nafar, Toshkent shahrida 7 nafar, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 nafardanni tashkil qildi.

Jumladan, Shayxontohur tumanida yashovchi G. I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), “Ipotekabank"ning Chilonzor tuman filiali xodimi F.A.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), “O‘zbekiston havo yo‘llari” xodimi Sh. D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan) , Toshkentdagi AMG MCHJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatidaги xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu xududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “F-market” do‘konida sotuvchi. Tana harorati ko‘tarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, o‘z uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G. A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologiya osoyishtaligi markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

️Vaziyat hamon xavotirli ekanini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan yon-atrofdagi odamlar bilan ijtimoiy masofa saqlagan holda, imkon qadar kamroq muloqotda bo‘lishni, va albatta, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik, ozodalikni saqlash, qo‘llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga muntazam ravishda qat’iy rioya etishlarini so‘radi.