Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi AT «Xalq banki» filialining valyuta saqlash seyfidan 100 ming dollarni talon-taroj qilgan bank boshqaruvchisi va ikki nafar xodimiga sud hukmi o‘qildi, deya xabar qildi O‘zA.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi sudyasi B.Vahobov va jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi raisi B. Haydarovning O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, filial boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan S.Tursunbayev va bosh hisobchi B.Tillayev kassa mudirasi G. Utanovaga qonunga zid ravishda bank pul omborining kalit va muhrlarini topshirib qo‘ygan. Shuningdek, kassa mudirasiga o‘z nomlaridan imzolarini o‘xshatib, turli shakldagi kitoblarni to‘ldirishga ruxsat berib qo‘yishgan.

2019 yil 25 yanvar kuni «Xalq bank» Farg‘ona amaliyot bo‘limi tomonidan bankning Yozyovon filialiga 300 ming AQSH dollari kelib tushadi. Shu kundan 5 fevralga qadar S.Tursunbayev, B.Tillayev va G. Utanova filial balansining hisob raqamidagi 218,3 ming dollardan 100 ming dollarini (840,1 mln so‘m ekvivalentida) rastrata qilish yo‘li talon-toroj qiladi.

Kelgusida tergov va sud idoralarini ular tomonidan sodir etilgan jinoyatni fosh etilishiga yo‘l qo‘ymasdan chalg‘itish maqsadida 2019 yil 5 fevral kuni soat 20:00 da AT «Xalq banki» Yozyovon filialida 100 ming dollar kamomad kelib chiqqani haqida Yozyovon tuman IIBga xabar berganlar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, S. Tursunbayevga 5 yil ikki oy, B.Tillayev va G. Utanovaga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va har birlariga ikki yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. «Xalq banki» Yozyovon filialiga yetkazilgan 100 ming dollarning so‘mdagi qiymati 862 million 451 ming so‘mni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.