Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi karantin kompleksida erkak kishi o‘z konteynerida osilgan holda topildi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, 20 iyun kuni soat taxminan 4:00larda asli Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan fuqaro (1978 yili tug‘ilgan) karantinga olingan fuqarolarni vaqtinchalik saqlash konteyneri ichida o‘zini osib qo‘ygan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu kishi koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun tahlil topshirgan bo‘lgan, lekin uning tahlil natijalari hali chiqmagan. Marhum aynan qachon, qayerdan kelgan, Yuqorichirchiq tumanidagi karantin markaziga joylashtirilgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tumani prokuraturasi dastlabki tergov ishlarini olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi o‘rtasida bir vaqtning o‘zida 10 ming kishini qabul qilishi mumkin bo‘lgan Karantin kompleksi qurilishi boshlangan edi. Ushbu kompleks COVID-19 ga gumon qilingan shaxslarni saqlab turish uchun mo‘ljallangan.