Korporativ axborot yagona portalida Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga Turkiyadan jalb etilgan mutaxassis Orxan Sivrikaya tayinlandi. Rahbariyatdagi tayinlovga Spot.uz ahamiyat berdi.

Mazkur tayinlov qarori kompaniya aksiyadorlarining 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida yakdil ovoz bilan tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil noyabr oyida Orxan Sivrikaya «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi sifatida jalb qilinganligi haqida xabar berilgandi.

Orxan Sivrikaya (1967 yilda tug‘ilgan) — texnika fanlari nomzodi, fuqarolik aviatsiyasi masalalarida taniqli top-menejer. Bosfor universiteti (sanoat muhandisligi fakulteti, 1991 yil) bitiruvchisi. Turkiya, Yevropa va Shimoliy Amerikada aviayo‘nalishlarni rejalashtirish va boshqarish, yangi biznes-modellarni tashkil etish, marketing va daromadlarni boshqarish bo‘yicha mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. Yaqin vaqtlarga qadar Turkish Airlines vitse-prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Ilgari Orxan Sivrikaya aviakompaniyani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, jadvallarni optimallashtirish va samolyotlar parkini rejalashtirish, marketing va savdo, shuningdek axborot texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni bajarib kelayotgan edi.