O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni «Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Xususan, faormonga muvofiq, 2007 yilda joriy etilgan yosh oila a’zolarining soliqqa tortiladigan ish haqi va boshqa daromadlarning shaxsiy uy-joy yoki ko‘p qavatli uyda xonadon qurish, ta’mirlash va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘ni daromad solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi norma 2021 yil 1 yanvardan bekor qilinadi.

Shu bilan birga, soliqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar bo‘yicha imtiyozlar, agar ularning o‘zida ushbu soliqdan ozod qilish to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ijtimoiy soliqqa nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslardan sotib olinadigan ishlar (xizmatlar) uchun QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar, mamlakatda doimiy muassasalar orqali faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlar (xizmatlar)ga tatbiq etilmaydi.

Mazkur farmon 1 oktabrdan kuchga kiradi.