O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda turistik soliqlarni hisoblashning yagona tizimi joriy etiladi. Bu taqdim etilayotgan xizmatlarning sifati, mehmonxonalardagi yotar joylari soni monitoringini yuritish, shuningdek, xorijiy fuqarolarning kirishi va chiqishini nazorat qilish imkonini beradi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi departament boshlig‘i Shuhrat Isaqulovning «O‘zbekistan 24» kanaliga bildirishicha, mazkur farmonda ikki oy ichida yangi — Uzbekistan Is My Second Home («O‘zbekiston mening ikkinchi uyim») immigratsion viza turini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

«Bu vizaning yangi turidir. Ushbu hujjatning asosiy mantig‘i va maqsadi yuqori akademik bilimlarga, hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori daromadli odamlarni yashash uchun mamlakatimizga jalb qilishdir. Ular mamlakatimizda mustaqil ravishda yoki oila a’zolari bilan yashashi va o‘z bilimlari bilan mamlakatimizga hissa qo‘shishlari mumkin. Bu, shuningdek, bilim uzatishning juda katta manbaidir», — dedi u.

Bojxona qo‘mitasiga chegara bo‘limi bilan birgalikda Gishtko‘prik va Xayraton xalqaro nazorat-o‘tkazish punktlarida chegarani kesib o‘tgan odamlar uchun sharoit yaratib, Fast Track (tezkor o‘tish) mexanizmini joriy etish vazifasi yuklatildi. 20 daqiqada tezkor o‘tish maqsadi ko‘yilmoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» mazkur farmon bilan «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» (O‘zbekiston. Kafolatlangan xavfsiz sayohat) sanitariya-epidemiologik tizimi joriy etilishi to‘g‘risida xabar bergan edi. O‘zbekiston hududida chet ellik sayyohlar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan taqdirda, ularga 3000 dollar tovon puli to‘lab beriladi.