Chilonzor tumanining birinchi kvartali. Qurilishi tugallanmagan bino devorida deraza o‘rnining qora tuynuklari keng ochilgan ko‘z tasviri bilan yonma-yon o‘rin egallashgan. Uning qorachig‘ida skafandrdagi odam aks etgan. U ayni shu ko‘zga diqqat bilan qarab turibdi va qo‘lida noinvaziv o‘pka ventilyatsiyasi niqobini ushlab turibdi.


Ba’zan rasmning yonida odamlar to‘xtab qolishadi. Ba’zan ular shunchalik odatiy tarzda o‘tib ketishadiki, go‘yo ko‘z ularga doim qarab turganday. Uch nafar yoshlar graffiti ro‘parasida turib, qotib qolgan nigoh fonida qay holda suratga tushishni muhokama qilishmoqda. Uzun bo‘yli odam ularga yaqinlashdi va rassomning mahoratiga ishora qilib, “Unchalikmas, a?”, — dedi.

“Oldin o‘zingiz shunday chizishni o‘rganing”, — deya javob berishdi O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan strit-art ixlosmandlari.

“San'atzor” galereyasi

Uning ismi Abdurahmon. Chilonzorning birinchi kvartalidagi ko‘zni va oltita boshqa kompozitsiyani u chizgan. Rassomning aytishicha, uning strit-art sohasida ulkan rejalari bor, ammo hozir diqqatini faqatgina o‘z tumaniga qaratgan.

“Hozircha Chilonzor kvartallarini galereyaga aylantirish uchun ularni „boyitmoqchiman“, odamlar „Bu galereyalar tumani — San’atzor“ deyishlari uchun”, deydi Abdurahmon . — Keyin kelajakda boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman".

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor ko‘chalarida san’at o‘z o‘rnini topishi qiyin. Turar-joy binolarining devorlariga chizish uchun qonunchilik va qandaydir ichki hissiyot yo‘l qo‘ymaydi. Rassom ko‘p xonadonli bino devorlari ko‘rinishini strit-art bilan buzish — “bu ma’lum darajada vandalizm” deb hisoblaydi.

“Men toza joyga chizmoqchi emasman. Aksincha, odamlarga yoqimli bo‘lishi uchun tanshlandiq binoga chizmoqchiman”, — tushuntirdi Abdurahmon, iflos bolalar maydonchasi, do‘konlar va atrofda turgan mashinalarni kuzata turib, ko‘z surati chizilgan devorga nigohini qadagancha.


Yosh yigit o‘yin maydonchasi bo‘ylab qadam tashlayapti. Bu Abdurahmonning do‘sti, u ham Abdurahmon. U do‘sti ko‘z rasmini chizgan bino oldin Zeromax kompaniyasiga tegishli bo‘lganini eslaydi. Endilikda u tibbiy klinika ochmoqchi bo‘lgan boshqa tashkilotga tegishli. Tashqaridan bunday ko‘rinmasada, hozir butun majmua bo‘ylab ta’mirlash ishlari bormoqda.

“Men bino egasidan ushbu fasad shu holicha yana qancha vaqt turishini so‘radim. U: „Kamida bir yil“, dedi. Odatda men hech kim bilan kelishmasam ham, rasm chizishimga kelishib oldik”, — ishontiradi rassom Abdurahmon.

Uning fikricha, klinika ochilishiga qadar uning ishlari bo‘yalgan bo‘lishi mumkin. U, albatta, ko‘z o‘tib ketayotganlarni uzoq vaqt kuzata olmasligidan afsusda, axir u har bir kompozitsiyasiga eng yaqini, o‘z bolasidek qaraydi, garchi Abdurahmon o‘zining ko‘pgina asarlarini yoqtirmasa ham.

Amalga oshmagan orzular

“Men o‘zimga tanqidiy nazar solaman. Men har doim o‘zimni o‘zim tanqid qilaman. Qo‘rqmasdan shuni ayta olamanki, ishlarimning 95 foizi meni qoniqtirmaydi”, — deya ta’kidlaydi Abdurahmon va o‘zini professional rassom deb atamasligini aytadi.

U hech qachon tasviriy san’at darslariga qatnamagan oddiy Chilonzorlik yigit. Ammo baribir bolaligida rasm chizgan va rassom bo‘lishni orzu qilgan.

Bu kasb odamga ko‘p pul olib kelmasligiga ishontirishgani uchun rassom bo‘lmagandir balki. Har holda bizning yurtimizda shunday fikr yuritishadi. Biroq, hozir Abdurahmon o‘zini yanglishgan deb hisoblaydi: boshqa davlat bayroqlari ostida yaxshi yashayotgan o‘zbekistonlik rassomlar ham bor.

“Hayotimning demo-versiyasi yakuniga yetib, institutga kirishim kerak bo‘lgan paytda rassomchilikka o‘qimasligimni tushundim. Men Benkov yoki Behzod nomidagi institutlarga kirishni istardim, ammo buning uchun hatto harakat ham qilmadim. Hatto, bizda qanaqa rassomchilik institutlari borligini ham bilmasdim”, — eslaydi Abdurahmon.

Keyin hayot uni Toshkent temir yo‘l muhandislik instituti qurilish fakulteti ostonasiga olib keldi. U 2011 yilda o‘qishni tugatdi, muhandis-geodezist bo‘lib ishga kirdi va hozirda binolar va landshaftning o‘qlari va koordinatalarini hisoblaydi, topografik suratga olish ishlarini olib boradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Davlat chet tillar universitetining yangi binosi fasadini ishlab chiqqan, Xitoyda malaka oshirib qaytgan va bir yil davomida Moskvada me’mor (arxitektor) bo‘lib ishlagan. Moskva unga yoqqan: go‘zal shahar, tag‘in bizning jaziramamiz ham yo‘q deydi u.

“Qilayotgan ishimning barchasi menga yoqadi, — ta’kidlaydi Abdurahmon. — Agar meni bitta xonaga 10 yilga qamab qo‘yishsayu, qo‘limga kitob, gitara va pianino berilsa, menga boshqa hech narsa kerak bo‘lmaydi. Menga umuman hech narsa kerak emas”.

Abdurahmonning xonasi. Foto: inkuzart.

Kechqurunlari va bo‘sh vaqtlarida u qog‘oz daftarga qora sharikli ruchka bilan chizadi. Unda uning ikkita Mona Lizasi bor. Ulardan birini bir yil oldin chizgan. Keyin sahifalarni varaqlay turib, yaxshiroq chizishi mumkinligini tushunadi. Agar uning gaplariga ishonsak, u haqiqatda bu ishning uddasidan chiqqan.

“Ammo ma’lum bir vaqt o‘tgach, bu ishim o‘zimga yoqmay qolishi mumkin. Men o‘z xatolarimni ko‘raman”, — deydi rassom-geodezist.

Begona strit-art

2017 yilda Abdurahmonning singlisi unga bir nechta graffiti asarlarni yubordi va o‘zini yangi sohada sinab ko‘rish taklifini berdi. O‘shanda strit-art uning sohasi emasligini aytdi.

Biroq, 2020 yil keldi, uning ketidan pandemiya, karantin va o‘z-o‘zini yakkalash tadbirlari. Singlisining taklifi hamda uzoq yozishmalar esidan chiqdi. Rassomning adash o‘rtog‘i Instagram sahifasi yoki stol uchun emas, balki odamlar uchun biror narsa chizishni iltimos qildi.

Bir kuni Abdurahmon ko‘chada non ko‘tarib ketayotib, atrofni zerikish bilan kuzatdi. U suvoqlangan devorga qarab, “Nega chizmasligim kerak ekan?” — deb xayolidan o‘tkazdi.

“Men shunchaki odamlar “Odam Atoning yaratilishi"ni ko‘rishlarini xohladim. Keyin ular mening ishlarim fonida suratga tusha boshladilar, ommaviy axborot vositalari “bomba” li yangiliklarida “O, O‘zbekistonda mahalliy Benksi paydo bo‘ldi” deya yoza boshladilar. Men Abdurahmondan: “Benksi kim?” deb so‘radim. U bilmasligini aytdi”, — deya tan oladi o‘zbekistonlik Benksi.

Graffitistning singlisi juda xursand bo‘ldi. Unga o‘sha eski yozishmani “Sen buni uddalading” so‘zlari bilan qayta yubordi.

Men „ha, sekin-sekin“ deb javob berdim”, — deydi Abdurahmon va taniqli bo‘lishni maqsad qilmaganligini ta’kidlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Odam Atoning yaratilishi” — bu katta surat va Mikelanjeloning ishlari bilan tanish bo‘lgan odam bolalar bog‘chasining (darvoqe, u yerda chizish uchun u kelishib olgan) devorida tasvirlangan parcha insonning o‘zi va jamiyat oldidagi javobgarligining timsoli ekanligini tushunadi. Xuddi Xudo Odam Atoga hayot bag‘ishlagani kabi, insonni zaharli koronavirusdan himoya qilish uchun ham barcha epidemiyaga qarshi choralar ko‘rilgan.

Estetika, giyohvand moddalar va rok-n-roll

Yaqinda Xudo va Odam Atoning kaftlari ostida ikkita qora harf paydo bo‘ldi. Strit-art hamma fuqarolar tomonidan ham san’at sifatida qabul qilinmaydi. “Ba'zan go‘zallik „aralash-quralash“ va vandalizmni chorlovchi joyga aylanadi”, — Abdurahmon estetikasiz va ma’nosiz graffitiga shunday ta’rif beradi.

“Odam Atoning yaratilishi” va vandalizm. Foto: inkuzart.

Hozir harflar o‘chirilgan: O‘zbekistonlik Benksi kompozitsiyaning asl qiyofasini tiklash uchun akasidan ularni suvab qo‘yishni iltimos qildi.

Xuddi shu bolalar bog‘chasi devorining boshqa tomonida Abdurahmon qalamining yana bir asari — zamon dolzarbligidan kelib chiqib yuziga niqob taqqan Mona Liza qorayib turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga qaramay bolalar bog‘chasi rahbariyati surat ustidan bo‘yashga harakat qilgan.

“Ma'lum bo‘lishicha, surat yonidan bo‘yoqli ballon bilan „daydi rassomlar“ tomonidan yozuvlar yozilgan. Men chizayotganim bois, odamlar suratga tushishyapti, to‘planishyapti, nimaniki xohlashsa, shuni qilishyapti. Bog‘cha rahbariyati menga: „Ko‘ryapsanmi, sen tufayli nima qilishganini“, dedilar. Albatta, ularni ham tushunish mumkin. Ular bog‘chani ta’mirdan chiqarishdi, barcha bezak ishlarini qilishdi, odamlar esa buzib tashlashdi. Men ular bilan kelishib oldim, o‘zim hammasini chiroyli qilib o‘chirib beraman (keyinchalik u haqiqatda o‘chirib bergan tahr.)”, — deydi Abdurahmon.

Aslida, bolalar bog‘chasi devorida umuman “aralash-quralash” yozuvlar emas, balki butun Chilonzorda keng tarqalgan mashhur Telegram-bot havolasi bilan giyohvand moddalar reklamasi aks etgan. To‘g‘risi, bolalar bog‘chasi ma’muriyati buni tushunmadi deb hisoblaydi Abdurahmon. Rahbariyat bilan bo‘lgan suhbatdan ularga shunchaki tushunarsiz bo‘lgan yozuv yoqmagani ayon bo‘lgan. Aytgancha, na rassom Abdurahmon va uning do‘sti — Abdurahmon devordagi xabarni to‘g‘ri o‘qiy olmadilar. Lekin endi ular Chilonzorda qaysi graffiti qo‘proqligini bilishadi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, devorlardagi yozuvlar orqali bot yaratuvchilari va dillerlar iziga tushishning deyarli imkoni yo‘q. Giyohvand moddalar reklamasini ushbu hududda yashovchilar va kommunal xizmatlar yordamida o‘chirish osonroq. Shunday qilinsa, hech bo‘lmaganda, giyohvandlikka qarshi tezkor harakat qilish mumkin.

“Unda men yozuv ustidan bo‘yayman yoki o‘rtoqlarimga panjara rangiga bo‘yashni aytaman”, — dedi Abdurahmon o‘zini tutib va ehtimol bu kabi reklamalar uning asarlari soyasida qolib ketishi mumkinligini taxmin qildi, axir u harakatlarini oldindan bilib bo‘lmaydigan inson.

inkuzart chizgan Mona Liza. Giyohvand moddalari reklamasini Abdurahmon o‘chirib tashlagan.

U hatto o‘z san’atini tijoratlashtirishi mumkin, faqat unda u ayrim prinsiplarga amal qiladi.

“Agar hokimiyat turar-joy binosiga biror rasm chizish taklifi bilan murojaat qilsa, chizib berishim mumkin. Ammo men odamlar ko‘p yuradigan joyda tijorat reklamasini chizmayman. Chunki odamlar mening reklamamga muhtoj emaslar. Ularga dolzarb biror nima kerak, „Kolgeyt“ emas”, — deya ishonadi Abdurahmon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar undan o‘z logotiplarini chizishni so‘rashgan, ammo bu faqat o‘sha tashkilotlarning binolari devorlarida bo‘lishi mumkin. Aks holda, ommaviy axborot vositalari InkUzart navbatdagi suratida “sigir yonida mahsulot logotipi"ni tasvirlagan deb yozishlari mumkin.

“Bu meni ish salohiyatimni pasaytirishi mumkin. Bu ma’nan xunuk, noto‘g‘ri”, — ta’kidlaydi u. — Bu hech kimga kerak emas. Xalqqa kerak emas. Agar tijorat rasmlari bo‘lsa, men o‘sha zavod, sex devorida chizishim mumkin, ammo xalqning devorida emas".

San’at kon’yunkturasi

Mahalliy Benksi shahar devorlari shaharda sodir bo‘layotgan voqelikni aks ettirishi lozim deb hisoblaydi. To‘g‘risi, u pandemiyani chizishda davom etishiga shubha qilmoqda. Aftidan, “kovid-art” karantin qoidalari amaldaligiga qaramay, allaqachon dolzarbligini yo‘qotgan.

“Pandemiyadan tashqari bizda juda ko‘p mavzu bor. Masalan, Sardoba”, — g‘udranadi Abdurahmon. Ammo bunga qo‘l urishdan oldin, bu mavzuda ko‘p o‘zini o‘zi senzura qilish holati bor. U odamlarni g‘azablantirmoqchi emas, chunki odamlar ergashuvchandirlar, ko‘p holatlarda ular umuman ishonish kerak bo‘lmagan insonlarga ishonishadi.

Chilonzorni galereyaga aylantirishni maqsad qilgan o‘zbekistonlik Benksi siyosatdan tashqarida, dindan uzoqroqda turishni xohladi va hech qanday harakatni qo‘llab-quvvatlashni istamadi. U shunchaki o‘zini ifoda etmoqchi edi, axir san’atning ma’nosi — murojaatda, hissiyotlarda, fikrlarda va hayajonlarda.

Ammo haqiqat san’at qo‘lini qo‘yvormaydi. Abdurahmon daraxtlarni kesish mavzusiga bag‘ishlangan kompozitsiya haqida o‘ylayapti. Shusiz ham cho‘l bo‘lgan O‘zbekistonda daraxtlarning kesilishi uni bezovta qilmoqda. Ammo Chilonzorda hali ham daraxtlarning keng soyalari ostida sayr qilish mumkin, lekin uning fikriga ko‘ra, odatda toshkentliklar Toshkentda sayr qilishmaydi.

“Bitta daraxt biz tasavvur qilganimizdan kengroq tushuncha. Bitta osmono‘par bino qurishdan ko‘ra bitta daraxt qoldirgan ma’qul”, — ishonadi u.

Abdurahmon o‘z ijodini installyatsiya deb ataydi, chunki hamma ishlarining asl nusxalari mavjud, ammo reproduksiya konsepsiyasi o‘zi va uning do‘sti tomonidan o‘ylab topilgan. Jamoa suratlarning yoki klassik haykallarning ba’zi parchalarini oladi va ularga bugungi kun talabidan kelib chiqib, ma’no beradi. Bu esa fantaziya deb ataladi.

Jarayon

Mahalliy Benksi haftasiga bittadan surat chizishni maqsad qilgan. Ammo belgilangan muddatlarda ishni yakunlashni doim ham uddasidan chiqa olmayapti. Ba’zan g‘oyaning orqasidan juda uzoq yurishga to‘g‘ri keladi. G‘oya uzoq vaqt yashirinib yursa, Abdurahmon do‘stlari bilan “brainstorming” uyushtiradi.

“Mening do‘stlarim ko‘p. O‘zbeklarning do‘sti, ulpati ko‘p”, deydi bizning Benksi toshkentcha shevada. — Choyxonada o‘tirasiz, tadbirlarga borasiz. 50 yoshdan kichik bo‘lgan odam mening ulfatim bo‘lishi mumkin, chunki biz u bilan choyxonada o‘tirib, bir-birimizni tanqid qilishimiz mumkin".

G‘oya pishib bo‘lgach, Abdurahmon A4 varag‘ida eskizni chizib oladi, yangi ish uchun “yashash” joyini qidiradi va kompozitsiyani qog‘ozdan devorga o‘tkazish uchun uning hajmini aniqlaydi.

“Odatda, rassomlar rasmni katakchalarda chizib, keyin kattalashtirishadi. Men bunday qilmayman, chunki kataklar bilan ulgurmayman. Men tunda yoki erta tongda tezda chizib ketishim kerak. Qanday usulda devorga ko‘chirishimni esa aytmayman”, — deya ichimizni qizdiradi rassom.

O‘zbek Benksisi uchun eng qiyini rasmning o‘zi emas, balki ijtimoiy tarmoqlar uchun olinadigan videoning montaj jarayonlaridir. Unga graffiti epizodlari uchun mos musiqa tanlash juda muhim. U ma’noli musiqani yaxshi ko‘radi. U eski rok, ruscha rep, Sevara Nazarxon va o‘zbek klassik qo‘shiqlarini sevib tinglaydi.

Masalan, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan kompozitsiya Britaniyalik Pink Floyd guruhining “bizga ta’lim kerak emas” satridan boshlangan qo‘shig‘i bilan birga e’lon qilingan, ammo Abdurahmon yoshlarning o‘qishga qiziqishi sustligidan afsusda. U hatto bu mavzu uchun alohida surat chizmoqchi. Faqat unga boshqacha ma’no berishni rejalashtirmoqda — o‘qishga da’vat qilishni aks ettirmoqchi.

“Har doim karantinni chizishning nima keragi bor deb o‘yladim. Bolalar hamma narsani pushti ranglarda ko‘rishadiku. Bolalar dunyoni qutqaradilar, bolalar koronavirusni to‘xtatadilar. “Bugun bizning kunimiz: koronavirus, ket!”

Umuman olganda, mahalliy Benksini ko‘p narsa tashvishga soladi. U mamlakatda iqtidorli yoshlar ko‘p, ammo davlatimiz bu haqda juda kam ma’lumotga ega deb hisoblaydi. Negadir odamlar fonogrammada qo‘shiq kuylaydiganlarga ko‘proq qiziqishadi.

“[Chet elda] haqiqatda mehnat qilishadi, fonogrammasiz kuylashadi. Ularda har bir „tik-tik“ jonli. Fonogrammani tinglash — bu o‘ziga nisbatan hurmatsizlik, — deya noroziligini bildiradi Abdurahmon jahlini, tiya olmay. — Kimdir aytgan ekan: „Fonogrammada qo‘shiq kuylaydiganlarga soxta pul berish kerak“ deb. Odamlarning o‘zlari bunga yo‘l qo‘yib berishdi. Ulfatim jonli ijro qo‘shiqchiga qimmatga tushadi, tomoshabinga qimmatroq bo‘ladi deydi. Ammo qo‘shiqchi bundan uyalishi kerak. Axir, uning asosiy ishi — kuylash”, — deydi qahramonimiz.

Qora kamalak

Abdurahmon ko‘chada rasm chizish biroz xavfli deb o‘ylaydi. Uning fikricha, ko‘plab rassomlar bundan qo‘rqishadi, faqat o‘zbekistonlik Benksi emas. U o‘z ishi uchun javob berishga tayyor, chunki harakatlarining chegarasini yaxshi biladi.

Dastlab, u devorlardagi rasmlar obodonlashtirish xizmati xodimlariga yoqmaydi deb o‘yladi, lekin baribir chizaverdi. Rassom o‘zida ichki kechinmalarini ifodalash uchun kuchli ehtiyoj sezdi.


Abdurahmon buning evaziga odamlardan hech narsa kutmadi. U shunchaki ishlari haqida ular “sof” fikrlarini bildirishlarini xohladi, ularning fikrlarini tinglashni xohladi. Samimiy bahoni olishda unga sirliligi yordam beradi.

“Odamlar menga barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatishlarini istamas edim. Men o‘z ishlarimni xalq bilan muhokama qilganim yaxshiroq. Mening kimligimni odamlar bilmasin, ammo ular mening ishlarimni ko‘radilar. Agar ularga yoqsa, men juda xursand bo‘laman. Rassom va qo‘shiqchi o‘zini ko‘rsatmasligi kerak. Qo‘shiq tinglashni yoqtirsangiz, siz shunchaki tinglaysiz. Yuz ko‘rinishining bunga umuman aloqasi yo‘q”.

Shunga qaramay, Abdurahmon turli nashriyotlarga intervyu berishda davom etmoqda. Buni u savollarga javob berishni yaxshi ko‘rishi bilan izohlaydi. U hatto televideniyega ham kelishga tayyor, faqat tanib bo‘lmaydigan obrazda.

“Bu men Benksiga taqlid qilishimni bildirmaydi. Men uni umuman bilmas edim. Hattoki Black Rainbow akkuntini yurgizganimda ham men o‘zimni ko‘rsatmas edim. Ishlarim bo‘lgan joyda, o‘zimni ko‘rsatishning nima keragi bor?” — so‘raydi rassom va buning uchun uning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy akkaunti borligini aytadi, lekin u yerga hech kimni qo‘shmaydi.

“Meni „O‘zbek Benksisi“ deb atashganini to‘g‘ri qabul qildim, — davom etadi u. — Ammo men InkUzartman”.

Unutuvchan odam

Abdurahmonning orzusi bor: u Yerni yuqoridan ko‘rishni xohlaydi. Shunchaki ufq emas, balki haqiqiy ellipsni ko‘rishni xohlaydi. U, albatta, Yer dumaloq ekanligiga ishonadi, lekin kosmosga uchishni xohlaydi. Kun kelib, u “hech qayerga qarash va hech narsani ko‘rish” uchun stratosferadan yuqoriga chiqadi. Skafandrda ochiq fazoga chiqib, InkUzart suratini Xudoga xabar sifatida qoldiradi.

inkuzart Oyning “qorong‘i” tomonidagi o‘zining siluetini chizmoqda.

Hozircha u nima chizishini bilmaydi. O‘sha vaqtga kelib, uning dunyoqarashi o‘zgaradi, chuqurlashadi. Ammo agar ertaga uchib ketsa, urushsiz dunyoni so‘ragan bo‘lardi.

Yaqinda Yaqin Sharqdagi fotojurnalistning shaxsiy akkuntiga ko‘zi tushib qoldi va snaryadlar ostida halok bo‘layotgan bolalarning, urushdan qaytgan o‘g‘lini quchoqlayotgan otaning fotosuratlarini ko‘rdi.

“Men hayron qoldim, hayratga tushdim, o‘sha kuni yig‘ladim, — deya tan oladi Abdurahmon. — Ko‘p o‘qidim. O‘ylaymanki, agar menda imkoniyat bo‘lsa, agar men milliarder emas, balki “trilliarder” bo‘lganimda, urush bo‘lmasligi uchun barchaga o‘zi xohlayotganini bergan bo‘lardim.

Mahalliy Benksi har bir o‘zbekistonlik, har bir odam bugungi urush suratlarini ko‘rishi kerakligiga ishonadi.

“Hozir bizda tushunchalar boshqacha: yaxshi mashina sotib olish, oynalarini qoraytirish. Mana shu bizning muammolarimiz. Qaniydi ular Yaqin Sharqda bunday muammolar bilan yashashsa ekan. Bizda hozir karantin, niqob taqib yurish kerak. Bu bizga xalaqit beradi, to‘g‘rimi? Ularga esa mana bu yerda turgan o‘q xalaqit qiladi”, — Abdurahmon barmog‘i bilan qovurg‘asiga ko‘rsatadi.

“Ayrimlar o‘zlarida bor narsalarini qadrlamaydilar, ba’zilari unutishadi, — deya davom etadi u. — Men ham odamman, men ham unutaman. Biz o‘zimizda borini unutamiz, qornimiz to‘q ekanligini, quvurlarimizda suv oqishini unutamiz. „Inson“ so‘zi (odam (o‘zbekcha) — tahr.) arab tilida „unutuvchi“ degan ma’noni anglatadi”.

Abdurahmon jim turib qoldi va ko‘z qorachig‘ida tasvirlangan skafandrdagi odam aksi suratiga tikildi.

“Masalan, mana shu surat. Bu kasallik yuqtirgan odamning ko‘zi. Men odamlarni g‘azablantirmoqchi emasman. Men ularni mamnun qilishni, kelajakka umid berishni xohlayman. Faqat yaxshilikka turtki berish emas. Men ushbu rasmni ko‘rgan yo‘lovchi nafaqat “Xudo nasib qilsa” deyishini, balki “Xudoga shukur, bu mening ko‘zim emas”, — deyishini xohlayman.