Toshkentda “Bitcoin” savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Unga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro M.A. noqonuniy daromad orttirish maqsadida valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan shug‘ullangani aniqlandi.

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, ushbu fuqaro 2019−2020 yillarda internet tarmog‘idagi Telegram kanalida fuqarolarga 3 mln AQSH dollari miqdoridagi kriptoaktivlar ko‘rinishidagi mablag‘larni ayirboshlash orqali xorijiy davlatlar fuqarolari bilan chet el valyutasini o‘tkazib kelgani, “Bitcoin” oldi-sotdisi bilan litsenziyasiz shug‘ullanganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Ushbu moddalar uchun yetti yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kriptovalyutalarni ayirboshlashi faqat ixtisoslashgan kripto birjalari orqali amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga faqat kriptovalyutalarni sotish mumkin.

Shuningdek, yanvar oyida Janubiy Koreyaning Kobea Group kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekistondagi birinchi va hozirgacha yagona bo‘lgan UzNEX kripto birjasi ochilishi haqida xabar berilgandi.