Tanzila Narboyeva joylardagi senatorlarning jamiyatda ro‘y berayotgan jarayonlar va qizg‘in muhokama qilinayotgan masalalarni jim kuzatishini, shuningdek, deputatlarning xalq bilan muloqotga kirishmasligi, ularning odamlardan o‘zini olib qochishini tanqid qildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi beshinchi yalpi majlis davomida o‘z nutqida qayd etib o‘tdi.

Parlament yuqori palatasi raisining aytishicha, hududlardagi senatorlar, deputatlar «muammolar portfeli»ni tuzib, markazdan ishchi guruhi kelishini kutib o‘tirmasdan muammolarni Senat yoki mahalliy Kengash muhokamasiga kiritib borishlari kerak.

«Biz hududlarga chiqqanda ijro organlari yoki boshqa tuzilmalar vakillaridan ishchi guruh tuzib, muammo axtarib yuribmiz. Aslida hududlardagi senatorlarimiz, deputatlarimiz bizni „muammolar portfeli“ bilan kutib olishi yoki markazdan ishchi guruhi kelishini kutib o‘tirmasdan muammolarni Senat yoki mahalliy Kengash muhokamasiga kiritib borishi kerak emasmi?! Buning uchun vakolatlar yetarliku!» — dedi u.

Tanzila Narbayeva ijtimoiy tarmoqlarda muammolarni hamma muhokama qilayotganda, munosabat bildirayotganda, senatorlarni «jim» turishda tanqid qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarga kirib ko‘ring, har kuni bir muammo, ichki ishlar xodimi kimnidir kaltaklagan, u o‘lib qolgan, qaysidir hokim tadbirkorni qiynagan, kimlardir majburiy mehnatga jalb qilingan, qayerdadir firibgarlar odamlarni ommaviy aldagan, chegara hududlardagi aholida yillar davomida to‘planib qolgan muammolar qiynab kelgan. Mana shunday holatlarni yana ko‘plab sanash mumkin. Bunday muammolarni hamma muhokama qiladi, munosabat bildiradi, xulosalarini aytadi», — deya qayd etdi Senat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, senatorlar qachonki ularga topshiriq berilsa, borib xabar olsin, deyilsagina boradi va shundan keyingina shug‘ullana boshlaydi.

«Aslida bunday bo‘lishi kerak emas. Yaxshiyamki ijtimoiy tarmoqlar bor ekan, bizga hamma masalalarni ochiq-oydin ko‘rsatib bermoqda. Muammolar ko‘tarilgan joyda esa hamon mas’ul rahbar yoki sentorlar, deputatlarning xalq bilan muloqotga kirishmasligi, ularning odamlardan o‘zini olib qochishi kuzatilmoqda», — dedi Tanzila Narbayeva.

Senat raisi jamiyatda paydo bo‘layotgan muammolarni aniqlashda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni katta bo‘layotganiga urg‘u berdi.

«Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarda har kuni juda ko‘p muammolar ko‘tarilmoqda. Odamlar ularga nisbatan munosabatini bildiradi, mutasaddilar e’tiborga olishini istaydi. Amalda esa muammolarning ko‘pchiligi aytilganicha qolib ketmoqda. Ayrim katta shov-shuv keltirib chiqargan holatlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildiriladi. Unda ham „ha, haqiqatan shunday hol ro‘y berdi, bu holat bo‘yicha tegishli chora ko‘riladi“, degan natijasiz munosabatlar esa oddiy holga aylandi», — deya tanqid qildi Parlament yuqori palatasining rahbari.

Tanzila Narbayeva ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan muammolar bo‘yicha tizimli ishlash bo‘yicha choralar belgilansa va bu borada «mas’ullar, ayniqsa senatorlar mas’uliyatini oshirsa, «xalqimiz kutgan ish bo‘lar edi», deya qo‘shimcha qildi.