May oyida UZCARD va HUMO kartalari orqali 10 trln so‘mdan ortiq to‘lovlar amalga oshirildi. Bu haqda Markaziy bank tegishli to‘lov tizimlari faoliyati haqidagi tahliliy sharhida taqdim etdi.

1 iyun holatiga O‘zbekistonda 5 ta to‘lov tizimi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shulardan 3 tasi Markaziy bank to‘lov tizimlari (Banklararo to‘lov tizimi, Hisob-kitoblar kliring tizimi va Tezkor to‘lovlar tizimi) va qolgan 2 tasi («UZCARD» va «HUMO» to‘lov tizimlari) belgilangan tartibda Markaziy bankdan litsenziya olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisoblanadi.

Shuningdek, 1 iyun holatiga Markaziy bank tomonidan 8 ta yuridik shaxsga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilgan bo‘lib, bular quyidagilar: «Slick» MCHJ, «BRIO GROUP» MCHJ, «INSPIRED» MCHJ, «National Innovative Payment Technologies» MCHJ, «PAYBOX» MCHJ, «Maroqand» MCHJ, «MILLIY POCHTA TO’LOVLARI» MCHJ va «International Eco Pay» MCHJ.

UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari

Qayd etilishicha, 2019−2020 yillar yanvar-may oylari davomida bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar summasi barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Bunda, hisobot davrida UZCARD va HUMO kartalarining to‘lov tizimlari orqali jami 28 trln so‘mdan ziyod to‘lovlar amalga oshirilgan.

Markaziy bankning sharhiga ko‘ra, may oyini o‘zida 10,6 trln so‘mga yaqin to‘lovlar bank kartali orqali bajarilgan, bu esa 2019 yildagiga nisbatan qariyb 38 foiz ziyodroqni tashkil etdi.

Manba: Markaziy bank

Karantin talablari yumshatilishi natijasida bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmining ortishi, jumladan, naqd pul mablag‘lari yechilishining 51,3 foizga va naqd pulsiz tranzaksiyalarning 22,6 foizga ortishi kuzatildi.


Manba: Markaziy bank

1 iyun holatiga mamlakat miqyosida bank infratuzilmalari, aholi gavjum bo‘ladigan va turistlar ko‘p tashrif buyuradigan ob’ektlarga o‘rnatilgan bankomatlar soni 5 512 tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 2,8 barobarga ko‘pdir.


«Ko‘p funksiyali bankomatlar tarmog‘ining kengayishi natijasida infokiosklarga talab kamayib, ularning o‘rnini bankomatlar egallamoqda», — deyidadi sharhda.

Shuningdek, 1 iyun holatiga joylarda o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 422 894 tani tashkil etgan bo‘lib, bu raqam o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ortganligini kuzatishimiz mumkin.


Bank kartalari infratuzilmasini kengaytirish doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 1 iyun holatiga muomalaga qariyb 22,4 mln dona bank kartalari chiqarilib (shundan HUMO to‘lov tizimi kartalari 4,2 mln dona), bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 1,8 mln donaga ko‘p.

Markaziy bankning Banklararo to‘lov tizimi

Markaziy bankning Banklararo to‘lov tizimiga banklararo to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida respublikadagi barcha 31 ta tijorat banki to‘lov tizimi ishtirokchilari sifatida ulangan. 2020 yilning yanvar-may oylarida Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga kamaygan bo‘lsa-da, tranzaksiyalar summasi esa 38 foizga oshgan.


Manba: Markaziy bank

«Mamlakatimizda joriy etilgan karantin choralarining Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarga ta’siri tranzaksiyalar sonining kamayishida o‘z aksini topdi. Ya’ni xo‘jalik sub’ektlarining iqtisodiy faolligi kamayganligi bilan izohlash mumkin», — deya ta’kidladi Markaziy bank taqdim etgan sharhda.

Xususan, 2020 yilning may oyida 4,0 mln ta tranzaksiyalar amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2019 yilning may oyiga nisbatan 55 foizga kamroqni tashkil qildi.


Manba: Markaziy bank

Shuningdek, mazkur to‘lov tizimi orqali tranzaksiyalar summasining ortib borishi, bank kartalari orqali bajarilgan operatsiyalarning yakuniy hisob-kitoblari hamda masofaviy tizimlardan foydalanadigan xo‘jalik sub’ektlarining Tezkor to‘lovlar tizimi orqali o‘tkazilgan to‘lovlarining kliring sessiyalari Banklararo to‘lov tizimi orqali bajarilishi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.


Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi

Tezkor to‘lovlar tizimi tijorat banklari mijozi bo‘lgan yuridik shaxslar va yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mijozlariga masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali to‘lovlarni tunu kun 24/7 rejimida (shanba va yakshanba kunlari ham) amalga oshirish imkonini beradi. Mazkur tizim orqali to‘lovlarni amalga oshirishning mijoz uchun muhim jihatlaridan biri — to‘lovlarning tijorat banklari xodimlariga bog‘liq bo‘lmagan holda avtomatik tarzda amalga oshirilishidir.

2020 yil fevral oyining ikkinchi yarmida ishga tushirilganiga qaramasdan, ushbu tizim orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmi 2020 yilning may oyida 6,1 trln сўмни tashkil etib, bu ko‘rsatkich oldingi oyga nisbatan qariyb 2,3 barobar ko‘pdir.


Manba: Markaziy bank

Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi

Ma’lumot uchun, Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali kommunal tashkilotlar, Moliya vazirligi G‘aznachiligiga to‘lanadigan byudjet to‘lovlari, soliq va bojxona to‘lovlari, notariat va FHDYO to‘lovlari, Ichki ishlar vazirligiga to‘lanadigan jarima to‘lovlari, Davlat xizmatlari agentligi xizmatlari to‘lovlari, UzAuto Motors avtomashinalari uchun to‘lovlar, kadastr xizmatlari uchun to‘lovlar, shuningdek, mobil aloqa, internet-provayderlar kabi 35 ta xizmatlar uchun to‘lovchini xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning billing tizimi orqali aniq identifikatsiya qilish orqali to‘lovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish va aks ettirish imkoniyati yaratilgan.

Taqdim etilgan tahlil ko‘ra, 2017−2020 yillarning yanvar-may oylari davomida qabul qilingan to‘lovlar yildan-yilga o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lib, 2020 yilning yanvar-may oylarida qabul qilingan to‘lovlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga oshdi.

«Shu bilan birga, 2020 yil yanvar-may oylarida Hisob-kitoblar kliring tizimi orqali qabul qilingan to‘lovlar summasining 36 foizi UzAuto Motors, 21 foizi G‘aznachilik to‘lovlari, 10 foizi O‘ztransgaz to‘lovlari, 8,1 foizi O‘zbekenergo to‘lovlari, 5,1 foizi soliqlar va yig‘imlar, 4 foizi Adliya vazirligi xizmatlari to‘lovlari, 3,8 foizi YHXBB jarima to‘lovlari hissasiga to‘g‘ri keldi», — ma’lum qilinadi sharhda.


Manba: Markaziy bank

Zamonaviy va innovatsion to‘lov uslublari

«O‘zbekiston Respublikasida raqamli bankingni rivojlantirish Konsepsiyasi»ga muvofiq, Markaziy bank tomonidan QR-kod orqali tezkor to‘lovni amalga oshirishning «QR-online» standartlashtirilgan va universal tizimi joriy yilning mart oyida ishga tushirildi.

Mazkur tizim doirasida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari) o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali QR-kodni shakllantirib, ro‘yxatdan o‘tkazadilar. Xaridorlar tomonidan banklarning mobil ilova dasturlari vositasida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining QR-kodlarini skaner qilish («o‘qish») orqali to‘lovlar amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda ushbu tizimni Toshkent shahrida tatbiq etish doirasida tijorat banklari tomonidan 3,4 mingdan ortiq xo‘jalik sub’ektlarining savdo va xizmat ko‘rsatish punktlari ularga tegishli «QR-online» tizimi stikerlari bilan ta’minlandi.

To‘lov xizmatlari bozorida «QR-online» tizimining to‘liq ishga tushirilishi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, Markaziy bankning asosiy strategik maqsadli yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan to‘lov tizimi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank may oyida ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 1,2 mlrd AQSH долларини tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, may o‘rtasida Uzcard to‘lov tizimining ta’sischisi o‘zgargani haqida xabar bergandik.