O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston birinchi prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyevga maktub yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

“Sizning koronavirus kasalligiga chalinganingiz to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim”, — deyiladi maktubda.

Shavkat Mirziyoyev bunday sinovli va murakkab paytlarda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini va yaqin ko‘makdosh ekanligini ta’kidladi.

“Hech shubhasiz, qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga va tuzalib ketishingizga ishonchim komildir”, — deya qayd etdi prezident.

Davlat rahbari tez orada Nursulton Nazarboyev bilan ko‘rishishga umid bildirdi.

Avvalroq xabar qilinganidek, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus aniqlangan edi. U o‘zini o‘zi yakkalash tartibiga amal qilmoqda va masofadan faoliyatini davom ettirmoqda.