O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 19 iyunda bo‘lib o‘tgan beshinchi yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik uchun jarimalarni oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi.

Unga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilanmoqda.

Agar bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilinsa, BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima belgilanib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun jarimalarni oshirish taklifi o‘tgan yilning dekabr oyida Bosh prokuratura tomonidan ilgari surilgan edi.