O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati juma kuni beshinchi yalpi majlisda bir qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ma’qulladi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmurodov tez yordam, o‘t o‘chirish xizmatlari va boshqa xizmatlarning avtomashinalariga yo‘l berish, ularni tez o‘tkazib yuborish jarayonida biror qoida buzilsa va videokameralarga tushib qolsa, haydovchilarimiz aybsiz aybdor bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalar ana shunday holatlarni bartaraf etishga qaratilgan.

“Ya'ni, agar haydovchilar tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketish uchun yo‘l bergani sababli yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etiladigan bo‘lsa, ular buning uchun javobgarlikka tortilmaydi. Bunda haydovchining huquqbuzarligi o‘ta zarur holatlarda sodir etilgan deb hisoblanadi va ma’muriy ish tugatiladi”, — dedi u.

Senat raisi Tanzila Narboyevaning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil ichida tez tibbiy yordam mashinalarining o‘z vaqtida yetib kelmagani sababli 48 mingdan ortiq o‘lim holati yuz bergan. Oxirgi uch yilda haydovchilar tomonidan maxsus avtotransport vositalariga yo‘l bermaslik bilan bog‘liq 700 dan ziyod holat aniqlangan.

“Aslida har qanday holatda ham ularga yo‘l berish kerak. Biroq ularni o‘tkazib yuboraman, deb boshqa haydovchilarimiz aybsiz aybdor bo‘lib qolmoqda. Ya’ni, haydovchilar maxsus avtotransport vositalarini o‘tkazib yuborib qoida buzsa ham jarima to‘laydi, qoidani buzmaslik uchun ularga yo‘l bermasa ham jarima to‘laydi”, — dedi Senat raisi.

Parlament yuqori palata spikeri mazkur qonunni qabul qilish muammoni hal qilishning bir qismi sanalishini ma’lum qildi.

“Yo‘llardagi tartib-intizomga faqatgina qoidabuzarlikni qayd etib, jarima undirish bilan erishib bo‘lmaydi… Bugun qonun chiqsa, ertadan boshlab haydovchilarni jazoga tortish kerak emas. Avvalo, tushuntirish, o‘rgatish, ogohlantirish kerak”, — dedi u.

Senat ma’qullagan mazkur o‘zgartishlar kuchga kirishi uchun so‘ng prezident tomonidan imzolanishi kerak.