AQSH prezidenti Donald Tramp 17 iyun kuni Xitoy mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiya qo‘llash huquqini beruvchi Xitoydagi uyg‘ur xalqi huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deya xabar berdi AQSH xukumati matbuot hizmati.

XXRning ko‘psonli uyg‘urlar istiqomat qiluvchi Sinszyan avtonom provinsiyasidagi uyg‘urlar huquqlarini poymol qilayotgan mansabdorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni ko‘zda tutuvchi ushbu qonun loyihasi may oyida AQSH Kongressining har ikkala palatasi tomonidan ham tasdiqlangan edi.

Ushbu qonun uyg‘urlar va boshqa ozchiliklarning etnik o‘ziga xosligi va diniy e’tiqodini yo‘q qilish uchun odamlarni lagerlardan muntazam ravishda foydalanish, majburiy mehnat va ichki nazorat kabi inson huquqlari buzilishi va suiiste’mol qilinishida aybdorlarni javobgarlikka tortadi, dedi Donald Tramp o‘zining rasmiy bayonotida.

Xitoyning Sinszyan provinsiyasida 10 mln dan ortiq uyg‘ur istiqomat qiladi. Ular musulmon xalq hisoblanishadi va Xitoy hukumati ularga e’tiqodlari bilan bog‘liq bir qator alohida talablar qo‘yib kelmoqda. Masalan uzun soqol, xijob, musulmoncha ismlar va bolalarga islomiy tarbiya berish kabi Islom diniga e’tiqod qilishga xos belgilar kat’iyan taqiqlangan. Shu bilan birga, uyg‘urlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishi ham cheklangan va nazorat ostiga olingan. Rasmiy mansablarni egallovchi uyg‘urlar uchun masjidlarni ziyorat qilish, ro‘za tutish, namoz o‘qish kabi bir qator harakatlar taqiqlangan. Shu kungacha ko‘plab uyg‘urlar belgilangan talablarga bo‘ysunmaganliklari pesh qilinib, “qayta tarbiyalash markazlari"ga olib ketilgani va ularning ko‘pchiligining izsiz yo‘qolgani ma’lum.

G‘arb davlatlari va turli ijtimoiy harakatlar xitoylik mansabdorlarning Sinszyan musulmonlariga bo‘lgan munosabatlarini tanqid qilib keladi. Pekin esa bunga javoban “qayta tarbiyalash markazlari"da uyg‘urlar o‘zlariga yaxshi ish topa olishlari uchun kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi, deya munosabat bildirib keladi.

2018 yil avgust oyi oxirida BMTning irqchilikni yo‘q qilish qo‘mitasi millionga yaqin etnik uyg‘urlar Sinszyan-Uyg‘ur avtonom hududidagi “qayta tarbiyalash markazlari"da bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu haqda munosabat bildirgan va ushbu ma’lumotlarning haqiqatdan yiroq ekanligini aytgan.