Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmati (Roskomnadzor) Telegram messenjeridan bloklarni olib tashlagani haqida xabar berdi.

Terroristik va ekstremistik ma’lumotlarning tarqalishi, bolalar pornografiyasi, o‘z joniga qasd qilish va giyohvandlik vositalarini targ‘ib qilishda biz mamlakatda ishlaydigan barcha internet-kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, deyiladi Roskomnadzor bayonotida.

4 iyun kuni Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Rossiya Davlat Dumasi deputatlarining Telegramdan taqiqlarni olib tashlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada messenjer aynan terrorizmga qarshi kurash bahonasida bloklangan. Ammo ikki yil mobaynida kompaniyaning o‘zi, foydalanuvchilar maxfiyligini buzmasdan, ekstremizmga qarshi kurashib kelmoqda.

Agentlikning bayonotida ta’kidlanishicha, Roskomnadzor Durovning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga tayyorligini “ijobiy baholaydi”.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil aprelidan Roskomnadzor Federal xavfsizlik xizmatiga shifrlangan xabarlar xavfsizlik kalitlarini berishdan bosh tortgani uchun messenjerni bloklashni boshlagan edi.