15 iyun kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Sangzor-15” yo‘l-patrul xizmati maskanida poytaxtga olib ketilayotgan 1679 kg sifatsiz go‘shtni to‘xtatib qolishdi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Viloyat IIB PPX va jamoat tartibini boshqarmasi xodimlari tomonidan Kia Bongo rusumli yuk mashinanisi to‘xtatib tekshirilganida, avtoulov yukxonasida hujjatlarsiz 1679 kg go‘sht olib ketayotgani aniqlandi.

Surishtiruv davomida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi go‘shtni Toshkent shahrida noma’lum shaxslar qabul qilib olishi kerakligini, lekin mahsulotning nima maqsadda ishlatilishini bilmasligini ma’lum qiladi.

Qop va polietilen xaltalarga joylangan ko‘lansa hidli ushbu go‘sht tarkibidan birorta ham suyak topilmagan. Bu esa etning qaysi hayvonga mansubligini aniqlashni qiyinlashtiradi. Ammo mahsulot qoramol, qo‘y va echkiga tegishli emas, degan xulosaga kelingan.

“Aslida tashilayotgan har qanday go‘sht veterinar ko‘rigidan o‘tkazilishi va bu to‘g‘rida ma’lumotnoma berilishi lozim. Ya’ni, veterinar etning sifatli ekani, viruslar bilan zararlanmaganini kafolatlashi shart. Shuningdek, go‘shni yetkazib beruvchi va oluvchi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida shartnoma tuzilishi zarur”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bir qator kimyoviy tozalashlardan so‘ng eng sifatsiz go‘shtni ham tayyor yoki yarim tayyor aylantirish mumkin.
Ayni vaqtda go‘sht Jizzax shahridagi muzxonada saqlanmoqda. Mutaxassislar mahsulotning sifatini aniqlash, xususan, kasallik uyg‘otuvchi omillar bor-yo‘qligini nuqtai nazaridan tahlil o‘tkazishmoqda. Pirovardida sifatsiz go‘shtlarni yo‘q qilish ko‘zda tutilgan.

IIV matbuot xizmati avvalroq Zomin tumanidagi “Yakkabog‘-15” yo‘l-patrul xizmati maskanida ham poytaxtga olib ketilayotgan 1 710 kg sifatsiz go‘shtni to‘xtatib qolinganini eslatib o‘tdi.