Ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar, xalqaro standartlarga muvofiq, davlat moliyasi statistikasi bo‘yicha hisobotlarni taqdim etadi. Bu haqdagi talab Moliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylangan tegishli qarori loyihasidan o‘rin olgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar yillik va chorak hisobotida aktiv va passivlar balansini (daromadlar va xarajatlar), aktivlar va majburiyatlar bo‘yicha operatsiyalar (kreditlar va qarzdorlik), nomoliyaviy aktivlar (yerlar, binolar, avtomobillar va boshqalar), sho‘'ba va qaram xo‘jalik jamiyatlari hamda boshqa yuridik shaxslarga kiritilgan investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

Hujjat loyihasiga asosan muayyan korxonalar Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytidagi — soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali mustaqil ravishda davlat moliyasi statistikasi ob’ekti sifatida hisobda turadilar.

2020 yilda 2017 — 2019 yillarga mo‘ljallangan davlat moliyasi statistikasi bo‘yicha yillik hisoboti ham taqdim etish rejalashtirilmoqda. Ularda davlat ulushi bo‘lgan korxonalar tomonidan operatsiyalar to‘g‘risida hisobot hamda sho‘'ba va qaram xo‘jalik jamiyatlari va boshqa yuridik shaxslarga kiritilgan investitsiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Qaror loyihasiga muvofiq, mazkur talablarni buzgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Karor loyihasi muhokamalari 2 iyulga qadar davom etadi.