Toshkentning Yashnobod tumanida masjidning kirish joyiga qoldirilgan sumkani o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 20 mart kuni soat 19.30 da Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga 29 yoshli Jasur J. murojaat qilib, shaxsiy hujjatlari, 100 ming so‘m, 110 dollar va mobil telefoni bo‘lgan sumkasini o‘g‘irlagan g‘arazgo‘yni topishni iltimos qilgan. Jasurning aytishicha, u sumkasini masjidga kirish oldida qarovsiz qoldirgan.

Mazkur fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ko‘rilgan tezkor-qidiruv choralari davomida IIBB jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, muqaddam sudlangan 22 yoshli Xusniddin K. qo‘lga olindi.