️Majburiy ijro byurosining qator vakolatlari tegishli tashkilotlarga o‘tkaziladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni imzoladi.

Farmonga muvofiq, 1 avgustdan boshlab Majburiy ijro byurosining elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni undirish, noqonuniy ulanish holatlarini aniqlash va boshqa vakolatlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta'minoti” AJning hududiy tashkilotlariga o‘tkaziladi.

Xususan, Majburiy ijro byurosining qo‘yidagi vakolatlari tegishli tashkilotlarga o‘tkaziladi:

  • elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarini joriy etilishini tashkil etish va ushbu jarayonlar ustidan monitoring o‘tkazishga doir vazifa va vakolatlar — Energetika vazirligiga;
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz sotuvi va iste’molini hisobga olishga olish bo‘yicha vazifa va vakolatlari — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta'minoti” AJning hududiy tashkilotlariga;
  • elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga doir vakolatlar — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta'minoti” AJning hududiy tashkilotlariga hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga;
  • elektr energiyasi va tabiiy gazni ehtiyot qilish va ulardan foydalanish yuzasidan iste’molchilarning huquqiy madaniyatini va mas’uliyatini oshirishga doir vazifa va vakolatlar — Energetika vazirligi, Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va “Hududgazta'minoti” AJga;
  • energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash tizimini kompleks tahlil qilish, tizimli muammolarni aniqlash, takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga doir vazifalar — Energetika vazirligiga.