7 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida bezorilik jinoyati sodir etildi, deya xabar berdi (video) IIV matbuot xizmati.

Kunduz kuni, soat 14:00 chamasi tumanning Paxtazor mahallasida yashovchi Hasan Polvonov ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Suhrob Ro‘ziyevni ko‘rib qoladi. Uning oldiga kelib: «Nega menga bunday qarayapsan, deydi va uni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qiladi.

«Bu ham yetmagandek, Hasan Polvonov yashash uyidan „Makarov“ ko‘rinishidagi to‘pponchasini olib chiqadi va undan Ro‘ziyevga qarata bir necha marotaba o‘q uzib, uning o‘ng quloq sohasiga tan jarohati yetkazadi. Shuningdek, qurolning qo‘ndog‘i bilan Ro‘ziyevning boshiga ham bir necha marotaba uradi», — deyiladi xabarda.

Mazkur holatda Hasan Polvonovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «v» bandida (bezorilik; sovuq qurol yoki kishining sog‘ligi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab) nazarda tutilgan jinoyatlar mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.