Koronavirus pandemiyasi e’lon qilinguniga qadar dunyo bo‘ylab bir sutkada 181 mingta aviareys amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda jahon havo transporti asta-sekin qayta yo‘lga qo‘yilayotgani natijasida bir kecha-kunduzda 118 mingta reys uyushtirilgan. Ya’ni aviaqatnovlarning 65 foizi qayta yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Flightradar ning statistik ma’lumotlarida aytib o‘tilgan.

Aprel oyida jahon bo‘yicha sutkasiga 64 mingdan ortiq reyslar amalga oshirilgan bo‘lsa, may oyida jahon aviatsiyasi bu ko‘rsatkichni 93 mingtagacha ko‘tara oldi. Iyun oyining yarmiga kelib bir kecha-kunduzda 118 mingta reys ko‘rsatgichiga chiqilgan. Bu esa aprel oyining o‘rtalaridagi natijadan ikki marta balandroq.

Iyun oyidan boshlab bir qator mamlakatlar halqaro aviaqatnovlarni tiklay boshladi.15 iyundan Ukraina va Misr davlatlari mamlakat tashqarisiga aviareyslarni amalga oshira boshladi. Shuningdek, O‘zbekiston ham 15 iyundan boshlab sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan davlatlarga aviaqatnovlarni tikladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 dan ortiq aviakompaniyalar O‘zbekistonga aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirishgan edi.