Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan karantin cheklovlari joriy etilgan davr mobaynida Toshkentdagi FHDYO organlari tomonidan 3270 ta nikoh qonuniy qayd etildi. Bu haqda O‘zA Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, pandemiya davrida ham aholiga o‘z vaqtida huquqiy xizmat ko‘rsatish maqsadida nikohni ro‘yxatga olish jarayonlari karantin qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilgan. Nikohga kirish haqidagi arizalarni onlayn tartibda yuborish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan bois FHDYO bo‘limlarida odamlarning to‘planishi va turli xil navbat kutishlarning oldi olinmoqda.

Ayni paytda poytaxt hududida jami 15 ta FHDYO organi, shundan 11 ta FHDYO bo‘limi, 4 ta nikoh uylari fuqarolarga huquqiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.