17 mart kuni Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarornii qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, mazkur universitetning (TOBB ETU) Toshkentdagi filiali nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, unda ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

Filialning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishni kengaytirish, ta’lim oluvchilarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilishdan iborat bo‘ladi.

“Dunyo” axborot agentligining xabariga ko‘ra, universitetni tashkil etish masalasi 11 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va turk universiteti rahbariyati bilan bo‘lgan videoanjumanda muhokama qilingan.

Avvalroq, 4−7 mart kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Anqara shahriga tashrifi davomida Тошкент davlat iqtisodiyot universiteti negizida filial ochish masalasini muhokama qilgandi.

Ma’lumot uchun, Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalar ittifoqi Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti (TOBB ETU) 2002 yilda o‘z faoliyatini boshlagan va bugungi kunda mamlakatning eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet tadbirkorlik va xalqaro biznes sohasida kadrlar tayyorlaydi.

2018 yilda universitet 2000 yildan beri tashkil etilgan “2018 yilning yosh universitetlari: Mingyillik universitetlar” reytingida dunyoning eng yaxshi universitetlari orasida 32-o‘rinni egallagan.