Sog‘liqni saqlash vazirligi 18 iyun kuni aholi orasida aniqlangan 15 ta holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 15 nafar bemordan 9 nafari Toshkentda aholi orasida qayd etilgan. Jumladan, ular orasida Vazirlar Mahkamasining ikki nafar xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Hozirgi paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga Sog‘liqni saqlash vazirligi 17 iyun kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 189 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida bo‘lib, bunda Toshkent shahrida 5 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida ham 3 nafar, Surxondaryo viloyatida esa 2 nafarni tashkil etgani haqida ma’lum qildi.

«Toshkent shahri ichki ishlar tizimi tergovchisida, Mirobod tumanida yashovchi fuqaroda (ikkalasida ham tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq kuzatilganligi sababli o‘zlari borib namuna topshirgan), „O‘zbekiston havo yo‘llari“ AJning 2 nafar mutaxassisida (ishga chiqish uchun namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Xalq banki filiali xodimi va uning onasida, Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasi ishchisi va uning o‘g‘lida (tana harorati ko‘tarilgan va Bekobod tumanidagi shifoxonaga yotqizilgan), Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroda (tana harorati ko‘tarilgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining 3 nafar tibbiyot xodimida ham infeksiya aniqlangan.