Toshkent viloyati tumanlaridan birining hokim o‘rinbosari 25 ming dollar olayotganda qo‘lga olindi. U xususiy tadbirkorga yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan, deya xabar beradi «O‘zbekiston 24» telekanali tuman nomini oshkor etmasdan.

Xabarda qayd etilishicha, hokim o‘rinbosari tadbirkorga 10 ga bo‘sh yer maydonini 60 ming AQSH dollariga sotishga va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishini bildirgan. DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbirda, tuman hokimining o‘rinbosari xususiy tadbirkordan 25 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston 24» telekanali xabariga ko‘ra, avvalroq 1 ga yer maydonini 100 ming AQSH dollariga sotish jarayonida hokim o‘rinbosari bilan til biriktirgan shaxs ham qo‘lga olingan.

«Gazeta.uz»ning huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi manbasi ma’lum qilishicha, gap Qibray tuman hokimining o‘rinbosari — investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i J.Mashrapov haqida ketmoqda.

Xabarga ko‘ra, xususiy tadbirkor X.U. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, 2019 yil noyabr oyida Qibray tuman hokimining o‘rinbosariga 1 gektar yer maydoni uchun 35 ming AQSH dollari berganligini ma’lum qilgan. Hozirda hokim o‘rinbosari tumanning Istiqlol hududidan 9 gektar yer maydonini 25 ming AQSH dollariga sotib olishni taklif qilayotgani uchun tadbirkor hokim o‘rinbosariga qarshi chora ko‘rishni so‘ragan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Boshqa bir manba «Gazeta.uz» ga nima uchun aynan ushbu moddalar bo‘yicha ishi qo‘zg‘atilganini va nima sababdan pora olmaslik emas, balki pora berish haqida gap ketayotganini tushuntirib berdi. Ta’kidlanishicha, hokim o‘rinbosari yer maydonini berish huquqiga ega emas, shu bois jinoiyat ishi 211-modda 28-modda orqali belgilandi, ya’ni boshqa vakolatli shaxsga pora berishda qatnashish.