17 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorini qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi.

Mazkur kengashlar Davlat bojxona qo‘mitasi, Davergeodezkadastr, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida o‘z faoliyatini boshlaydi.

Ta’kidlanishicha, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmasligi qayd etiladi.

Qaror bilan Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘rish;
  • murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;
  • murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish.

Shuningdek, qarorda Apellyatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan 2,5 yil muddatga tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan. Bunda, Apellyatsiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin.

«Apellyatsiya kengashi a’zoligiga amaliy tajribaga va obro‘-e’tiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan obro‘li fuqarolar qabul qilinadi. Bunda, davlat organining markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari yoki xodimlari hisoblanmagan Apellyatsiya kengashi a’zolari jami Kengash a’zolarining beshdan bir qismidan oshib ketmasligi lozim», — deyiladi prezident qarorida.

Qayd etilishicha, Apellyatsiya kengashi unda ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega bo‘lgan xulosa qabul qiladi. Apellyatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa 3 kun muddatda davlat organi rahbariga ko‘rib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboriladi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Apellyatsiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda, davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilingan qaror to‘g‘risida 3 kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.

Qaror bilan Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mediatsiya va Nizolarni muqobil usulda hal etish markazlari

Bundan tashqari, qarorda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida quyidagilarni tashkil etilishiga va faoliyat yuritishiga ruxsat berildi:

  • nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shug‘ullanuvchi professional mediatorlarning o‘zaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi;
  • professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning o‘zaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi.

Markazlar tinglovchilarga ta’lim berishni tashkillashtirish uchun shartnoma asosida oliy ta’lim muassasalarining malakali pedagoglarini, shuningdek, milliy va xorijiy mediator, hakamlik sudyalari va arbitrlarni hamda vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini va yetakchi xorijiy mediatsiya va arbitraj markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, nizolarni muqobil usulda hal etish sohasida tajriba almashishi, shuningdek, nizolarni hal etishga xorijiy mediatorlar va arbitrlarni jalb etishi mumkin.

Shuningdek, markazlar mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj faoliyati yuzasidan adliya organlariga hisobotlar topshirishdan ozod etiladi va oliy ma’lumotga ega rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida besh nafar xodimga ega bo‘lishlari kerak bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazi muassisligida Toshkent mediatsiya markazi tashkil etiladi.

Toshkent shahrida 1 iyuldan boshlab, eksperiment tariqasida, davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratiladi.

Eksperimentning ijobiy natijalari asosida 2021 yil 1 aprelga qadar ushbu amaliyot barcha davlat xizmatlari markazlari binolarida tatbiq etiladi.