O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muhtor elchisi etib tayinlangan Dilshod Axatov 18 iyun kuni Deli shahriga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar Dilshod Axatov 2018 yildan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shuningdek, u 2010−2013 yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi (o‘rindoshlik bo‘yicha Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyada) sifatida faoliyat yuritgan.

O‘zbekistonning Hindistondagi sobiq elchisi Farhod Arziyev fevral oyida tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Ma’lumot uchun, D. Axatov (1972 yil tug‘ilgan) Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini (Universitet) tamomlagan. U ish faoliyatini Tashqi ishlar vazirligida boshlab, 2003−2007 yillarda Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i, Yevropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i (2007−2010 yillar), BMT va xalqaro tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Shuningdek, Dilshod Axatov Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari sifatida vazirlikning Ikki tomonlama hamkorlik bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan.