O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Odil Qalandarovich Abduraxmanov yangi tashkil etilgan Toshkent davlat transport universitetining rektori etib tayinlandi, deya ma’lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar, Odil Abduraxmanov O‘zbekiston Prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Odil Abdurahmonov (1978 yilda tug‘ilgan) oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida 2018 yil 31 iyuldan buyon ishlagan, ungacha Prezident Administratsiyasida bosh maslahatchi (konsultant) bo‘lgan, Respublika bandlik, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish ilmiy markaziga rahbarlik qilgan va iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni Prezident qarori bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilingandi.