Surxondaryo viloyatining markazi Termiz shahri kirib-chiqish uchun yopildi. Ayni paytda viloyatda 4118 nafar fuqaro karantinga olingan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov aholiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

Surxondaryo viloyatida koronavirus bilan bog‘liq bir qator vaziyatlar kuzatildi. Shu jumladan, Surxondaryo Muzrabot tumanida karantin paytida to‘y o‘tkazish qoidalari buzilishi oqibatida 250 nafardan ortiq odam karantinga olindi.

Undan tashqari, Surxondaryo viloyati tashkilotlarining birida foliyat yurituvchi xodim Toshkent shahrida xizmat safarida bo‘lib qaytgan infeksiya yuqtirgan bemor ishga chiqib, hamkasablariga kasallik yuqishiga sababchi bo‘lgan. Buning natijasida ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafardan ortiq fuqaro bugungi kunda karantinga olinib, 9 nafarining ushbu kasallikka chalinganligi tasdiqlangan. Yana bir nechta fuqaroda ushbu kasallik gumon qilinmoqda. Bunga sabab ushbu muassasada xodimlarning ishga kelishida termometriya qilinmaganligi, antiseptik vositalaridan foydalanilmaganligi, 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlanmaganligi, niqob taqish va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmaganligi, — deydi To‘ra Bobolov.

Surxondaryo viloyatida ayni kunlarda 4118 nafar fuqaro karantinga olingani, ularning 298 nafari tibbiyot muassasalarida, 678 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 3142 nafari esa o‘z uylarida kuzatuvda bo‘lib turgani ma’lum qilindi.

“Ming afsuski, viloyatdagi ayrim rahbar va xodimlarning, fuqarolarimizning karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishdagi e’tiborsizligi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni — koronavirus infeksiyasi aholi orasida aniqlanyapti. Ular kasallikni aynan qayerda yuqtirganini, kasallik manbaini aniqlash qiyin bo‘lyapti”, — deydi To‘ra Bobolov o‘z murojaatida.

Kuzatilayotgan epidemik vaziyat hisobga olinib, 16 iyundan — Termiz shahriga kirib-chiqishni to‘xtatilgan va bir qator yumshatishlar bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, 17 iyun kuni O‘zbekistonda qayd etilgan 62 ta yangi kasallanish holatining 6 tasi Surxondaryo viloyatida aniqlangan.