Jamoat birlashmasi shaklidagi «O‘qituvchilar assotsiatsiyasi» nodavlat-notijorat tashkiloti O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, mazkur assotsiatsiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tizimini isloh qilishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

«Bizga jamoat birlashmasini tuzishda mazkur assotsiatsiya «O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi doirasida amaliy ko‘mak berib kelgan «Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi»ga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», — deyiladi xabarda.

Xabarda qayd etilishicha, «O‘zbekistonda mustaqil o‘qituvchilar assotsiatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan bo‘lib, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, huquqiy savodxonligini oshirish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida assotsiatsiyalar tuzilishi va faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ta’kidlanishicha, «O‘qituvchilar assotsiatsiyasi» jamoat birlashmasi butun respublika hududida faoliyat olib boradi. Assotsiatsiya ma’muriyati birlashmaning hududiy bo‘linmalari ochilishida va ish olib borishida ishtirok etmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarni murojaat qilishga chaqirishini ma’lum qildi.