17 iyun kuni tonggi 5:30 atrofida Samarqand shahar Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan “Samarqand baxt tekstil” MCHJga qarashli baxmal ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” kanali FVV matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, sexning yopiq binosi ichidagi 200 kv m maydonda saqlanayotgan ikkilamchi xom ashyo chiqindilari va baxmal ishlab chiqarish dastgohlari yongan.

Voqea joyiga o‘t o‘chirish jangovar bo‘linmalari hodisa joyiga 5:45 da yetib borgan va soat 6:30 da yong‘in bartaraf etilgan.

Umumiy hisobda 6 ta o‘t o‘chirish guruhi va 2 ta qo‘shimcha suv tashuvchi texnika safarbar etilgan.

“O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar sabab baxmal sexining taxminan 800 kv m maydoni, tayyor mahsulot va ishlab chiqarish dastgohlari yong‘indan saqlab qolingan.

Ayni paytda voqea sabablari va uning natijasida ko‘rilgan moddiy zarar ko‘lami o‘rganilmoqda.