16 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda politsiya xizmatini isloh qilish to‘g‘risidagi ijroiy qarorni qabul qildi, deya xabar beradi Oq uyning matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, «Xavfsiz jamoalar uchun xavfsiz politsiya to‘g‘risidagi» qaror politsiya idoralari tomonidan hibsga olish paytida mahbusni bo‘g‘ish taqiqlanishiga va umuman mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish amaliyotidan foydalanishga undaydi.

Qarorda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xodimlarini o‘qitish uchun federal grantlar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, politsiya obro‘siga putur yetkazadigan xodimlarni yollashdan saqlanish uchun turli shaharlarda politsiya va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasida yanada yaqin munosabatlar o‘rnatiladi.

«Biz har qanday irq, din, rang va e’tiqodga mansub amerikaliklarga xavfsiz kelajakni ta’minlash uchun tarixiy qadamni qo‘ymoqdamiz. Bu katta qadam, juda katta — ilgari qo‘yilmagan qadamdir», — dedi Tramp qarorni imzolash marosimida.

Shuningdek, Tramp politsiyani yanada isloh qilish uchun AQSH Kongressi bilan ishlashga tayyorligini aytdi va huquqni muhofaza qilish tizimidagi byudjetni qisqartirish va ayrim mahalliy politsiya bo‘limlarini tarqatib yuborishga qarshiligini ma’lum qildi.

Easlatib o‘tamiz, AQSHda Jorj Floydning o‘limidan so‘ng bir necha hafta davomida irqchilik va politsiyaning o‘zboshimchaligiga qarshi ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Namoyishlar afroamerikalik Jorj Floydning oq tanli politsiyachi qo‘lida o‘lim topganidan so‘ng boshlangan edi.