24 iyun kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi «Qizil maydon»da bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida 12 mamlakat harbiylari, shu jumladan O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etadi. Bu haqda RF armiya generali, parad komandiri Oleg Salyukov ma’lum qildi, deya xabar berdi TASS axborot agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga allaqachon Moldova, Mo‘g‘uliston, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari yetib kelgan. 15 iyun kuni chet ellik harbiylar Moskva yaqinidagi Alabino maydonchasida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda qatnashdilar.

Fashizmga qarshi urushda qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga atalgan parad 24 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 12:00 da boshlanadi.

Avvalroq G‘alaba paradida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham ishtirok etishi haqida xabar qilingan edi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, Belarus, Moldova, Serbiya va Xorvatiya kabi davlatlar rahbarlari o‘z tashrifini tasdiqlashdi.

Eslatib o‘tamiz, G‘alaba paradi koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgan edi.