O‘zbekiston Milliy gvardiyasi surxondaryolik tadbirkor Dovar Jo‘raqulovning Facebook ijtimoiy tarmog‘ida niqobi yo‘qligi uchun Milliy gvardiya harbiylari unga nisbatan kuch qo‘llagani, uni bo‘g‘ib, xushidan ketkazgani haqidagi murojaati yuzasidan izoh berdi.

Xabar qilinishicha, joriy yilning 13 iyun kuni soat taxminan 15:00 larda Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari M.Niyozov va A.Fayzullayev hamda viloyat IIB xodimlari hamkorlikda Sariosiyo tumanida karantin qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha reyd tadbiri o‘tkazayotgan bo‘lgan. Sariosiyo tumani “Lutfkor” mahallasida yashovchi Dovar Jo‘raqulov (1995 y.t.) yuziga niqob taqmagan holda 2 nafar sheriklari bilan o‘zaro suhbatlashib turgan.

Bu holatni ko‘rib hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya va viloyat IIB xodimlari tomonidan ularga karantin qoidalariga rioya qilish lozimligi tushuntirilib, ogohlantirilganda, fuqaro D.Jo‘raqulov xodimlarga o‘zini tanishtirishdan bosh tortgan va qoidabuzarlik sodir etganini tan olmagan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan qo‘pol muomalasi uchun tuman IIBga borishi tushuntirilganda esa faol jismoniy qarshilik ko‘rsatib, borishdan bosh tortgan.

Shundan so‘ng, Milliy gvardiya va viloyat IIB xodimlari D.Jo‘raqulovni avtobusga chiqarmoqchi bo‘lganda, u qarshilik ko‘rsatishni davom ettirib, avtobus zinasiga yotib olgan. Shu payt uning otasi Muxammadi Rajabov kelib avtobus zinasida qarshilik qilayotgan o‘g‘lining oyog‘idan tortib avtobusdan tushirib olishga harakat qilgan va xodimlar bilan baland ovozda janjallashib, o‘g‘lini o‘zi bilan uyiga olib kirib ketgan.

Mazkur holat bo‘yicha Milliy gvardiya va IIB xodimlari Sariosiyo tumani IIBga ma’lumot bergan va ushbu fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, yozma murojaat qoldirgan.

Hozirda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining bildirgisiga asosan, Sariosiyo tumani IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, D.Jo‘raqulovning O‘zbekiston prezidentiga portal orqali qilgan murojaati yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari M.Niyozov va A.Fayzullayevning xatti-harakatlariga intizomiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.