Deksametazon dori vositasi og‘ir ahvoldagi koronavirus bemorlari orasida o‘lim darajasini kamaytira olgan ilk dori vositasi deb topildi. Bu haqda JSST saytida e’lon qilindi.

Oksford universiteti olimlari olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur dori vositasi o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilishga muxtoj bemorlarda kasallikning o‘lim bilan yakunlanishini 30 foizga va kislorod bilan davolanishi lozim bo‘lgan bemorlarda esa o‘lim holatini 20 foizga kamaytirishi aniqlandi.

JSST Bosh direktori Tedros Gebreisus koronavirusni deksametazon bilan davolash usulini ilm-fanning katta yutug‘i deb atadi.

Deksametazon preparati aslida steroid hisoblanib, 1960-yillardan beri yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida ishlatib kelinadi. 1977 yildan esa JSSTning asosiy davolash vositalari namunalar ro‘yxatiga kiritilgan va hozirda ko‘plab mamlakatlarda patentlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu dori hozirda faqat og‘ir ahvoldagi bemorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozirgi paytda JSSTga ushbu preparat bo‘yicha faqat ilk tadqiqot natijalari ma’lum. Tashkilot deksametazonni qo‘llash va uning koronavirusni davolashda umumiy ta’siri borasida xulosaga kelib, u bo‘yicha yo‘riqnomani ishlab chiqish uchun tadqiqotlarning to‘liq natijalarini kutmoqda.