17 iyun kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva olib borgan ushbu majlisda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Milliy ma’ruzachi tomonidan tayyorlangan odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotda qayd etilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga oid milliy qonunchilik takomillashtirildi. Xususan, 2019 yilning o‘zida mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatni tartibga solish maqsadida 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, XMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining 6 ta Konvensiya hamda protokollari ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Ta’kidlanishicha, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida profilaktik va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 22 foizga kamaygan. Majburiy mehnatga yo‘l quygan 259 nafar hamda ish haqlarini o‘z vaqtida bermagan va mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish, ularni reabilitatsiya qilish hamda xorijda fuqarolarimiz manfaatini himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2019 yilda 220 nafar odam savdosi jabrdiydalariga Respublika reabilitatsiya markazida tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilib, ularning 113 nafari ishga joylashtirilgan. 3 ming 938 nafar fuqaro chet elda ish bilan ta’minlanib, ish haqini vaqtida ololmagan mehnat migrantlarining 530 ming dollarga yaqin ish haqlari undirib berilgan.

Bundan tashqari, XMT bilan hamkorlikda 2019 yilda paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring o‘tkazildi. Uning natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda paxtachilikda tizimli ravishda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga barham berilgan.

Majlisda bu borada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar ham mavjudligiga urg‘u berildi. Xususan, bugungi kunda ayrim mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar hamda ularning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan xodimlarni o‘z funksional vazifalariga kirmaydigan mehnat turlariga majburiy jalb qilish holatlari uchramoqda.

Tadbirda quyi bo‘g‘inda ishlar samaradorligi sustligi, birgina o‘ylanmagan harakat oqibatida odamlarga zarar yetayotgani, bu esa davlat imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan bo‘lsada, bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuqoriligicha qolayotgani ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, 2018 yilda sodir etilgan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 foizini chaqaloq savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan.

Shu bilan birga, odam savdosi bilan bog‘liq murojaatlar hal etilishining qonuniyligi hamda ushbu turdagi jinoyatlarning aniqlanishi va sudlarda ko‘rilishi, jazo muqarrarligi tamoyili ta’minlanishi mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yilmagani to‘g‘risida so‘z yuritildi. 2019 yilda odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq kelib tushgan 710 ta murojaatdan 94 tasi, ya’ni 13 foizi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Bundan tashqari, majlisda ushbu Yo‘l xaritasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Jumladan, «Migratsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish, «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida"gi kodeksi loyihasini xalqaro ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilgan holda yanada takomillashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining 17, 183, 187-son Konvensiyalarini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish nazarda tutilgan.

Muhokamalardan so‘ng mazkur Yo‘l xaritasi tasdiqlandi.