AQSH hukumati o‘zining moliyaviy shaffoflik to‘g‘risidagi yangi hisobotida O‘zbekiston moliyaviy shaffoflikning minimal talablariga javob bermasligini aytib o‘tdi.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston moliyaviy shaffofligini ta’minlashda sezilarli darajada ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Bunda, hisobot davrida hukumat ijro etuvchi byudjet taklifini taqdim etgan, qabul qilingan byudjet va yil yakunlari bo‘yicha hisobot keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilingani va yengillik uchun Internetga joylashtirilgani qayd etilgan.

Shunga qaramay, 2019 yil davomida mamlakat moliyaviy shaffoflikka qo‘yilgan minimal talablariga javob bermadi, deyiladi xabarda. Qarz majburiyatlari, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan shartli va davlat korxonalari qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va byudjet hujjatlarida vazirlikning xarajatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yoki davlat korxonalariga ajratilgan mablag‘lar yoki ularning daromadlari to‘g‘risida ma’lumotlar hammaga ochiq bo‘lmagani ta’kidlangan.

Shuningdek, hisobotda muayyan davrda mamlakatning tabiiy resurslardan tushadigan daromadlar va hukumatning byudjetdan tashqari hisoblari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot mavjud emas edi. Hisobotda davlat tomonidan tabiiy resurslarni qazib olish to‘g‘risidagi shartnomalar yoki litsenziyalarni berish mezonlari va tartiblari qonunlarda, nizomlarda yoki boshqa rasmiy hujjatlarda belgilanmagan va amalda hukumat qonunlar va me’yoriy hujjatlarga rioya qilgan-qilinmaganligini tekshirish imkoniyati bo‘lmagani ma’lum qilingan.

AQSH Davlat departamenti ushbu muammo va nuqsonlarni bartaraf etish va moliyaviy shaffoflikni yanada rivojlantirish uchun O‘zbekistonga quyidagilarni amalga oshirishni tavsiya qildi:

  • qarz majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etish (shu jumladan, vazirliklarning xarajatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot va byudjet hujjatlarida davlat korxonalariga ajratilgan mablag‘lar hamda ularning daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni);
  • byudjet hujjatlari ishonchliligini kafolatlash;
  • maqbul vaqt oralig‘ida hukumatning ijro etgan byudjetining auditorlik hisobotini tayyorlash va nashr etish;
  • tabiiy boyliklarni qazib olish uchun litsenziyalar berish va shartnomalarni qonun yoki tartibga muvofiq ravishda mezonlari va tartiblarini aniqlashtirib, ularga amalda rioya etish;
  • va bunday tadbirlar amalga oshirilishi bo‘yicha asosiy ma’lumotlarni ommaga taqdim etish.

Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi 2020 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot taqdim etgandi. Unda, davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari va boshqa unga taalluqli ko‘rsatkichlari joy olgandi.

Shuningdek, vazirlik 2020 yil I chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning davlat qarzi haqida batafsil ma’lumot bergandi.