Koronavirus sababli xorijiy mamlakatlarda qolishga majbur bo‘lgan va O‘zbekistonga qayta olmayotgan hamyurtlarimizning hikoyalari bilan bo‘lishgan edik.

Endi esa, «Gazeta.uz» koronavirus pandemiyasi oqibatida chegaralarning yopilishi va aviaqatnovlarning to‘xtatilishi sababli o‘z yurtiga qaytolmay, O‘zbekistonda qolgan xorijliklar hikoyalari bilan bo‘lishadi. Qahramonlarimiz turli xil hissiyotlarni boshdan kechirishgan: Kimdir o‘z taqdirini uchratgan bo‘lsa, kimdir farzandi tug‘ilishini o‘tkazib yuborgan.

«G‘ildirakli uyimizga qaytmoqchimiz» — Yan va Silke Noymann

Biz — o‘zining Volkswagen T4 furgonida dunyo bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lgan germaniyalik oilamiz. Qozog‘istonda ekanligimizda furgonimizni ta’mirlash uchun ustalarga topshirishimizga to‘g‘ri keldi. Biz mamlakatda faqat 30 kun qolishimiz mumkin edi va furgonni ta’mirlash undan uzoqroq vaqt talab qilinganligi sababli, Qozog‘istonni tark etishga majbur bo‘ldik. 22 fevral kuni O‘zbekistonga keldik.


Shunchaki ba’zi joylarni ziyorat qilib, qaytib ketmoqchi edik. Uzoq vaqt O‘zbekistonda bo‘lishni rejalashtirmaganligimiz sababli, o‘zimiz bilan ko‘p narsalarni olib kelmadik: faqat 2 ta futbolka, ozgina kiyim va kurtka. Farg‘ona vodiysida bo‘lib, Toshkentga poyezd bilan qaytdik. Qozog‘iston bilan chegaraga yetib borganimizda, chegara allaqachon yopilgan edi va bizni Qozog‘istonga kiritishmadi. Vizamiz yo‘qligi uchun emas, balki koronavirus tufayli mamlakatga kirishga ruxsat berishmadi. Endi qoidalar o‘zgargan va bizga viza kerak, ammo hozir viza berishmayapti.

Endi biz mintaqada «bir umrga» qolib ketamiz, ehtimol qishda qaytarmiz. Bizning barcha narsalarimiz Qozog‘istonda. Hamma narsalarimiz. Sayohat qilish uchun biz bor-budimizni sotdik va Germaniyada hech narsamiz qolmadi.

Germaniya va Qozog‘iston elchixonalari bilan bog‘landik, lekin ulardan unchalik ko‘p yordam ololmadik. Germaniya elchixonasi o‘z odamlarini binoga kiritmaydi, biz militsiya xodimi bilan gaplashishga majbur bo‘ldik. Germaniyaga evakuatsiya reysi tashkil etildi, ammo u yerda bizning yashash joyimiz yo‘q, bizning g‘ildirakli uyimiz Qozog‘istonda. Qozog‘iston elchixonasida hech kim yordam berishni xohlamaydi. Ular «bu bizning muammoimiz emas», deb o‘ylashadi.

Toshkentda ijara asosida kvartirada turishimizga to‘g‘ri keldi. Odatda biz turar joy uchun pul sarflamaymiz, chunki biz furgonda yashaymiz, shuning uchun O‘zbekistondagi hayot biz uchun juda qimmatlik qilyapti. Men pul ishlab topish maqsadida ovqatlanish bo‘yicha onlayn mutaxassis sifatida ishlayapman, ammo vaziyatimiz unchalik yaxshi emas. Men doimo ish va ovqat pishirish bilan bandman. Shunchaki yanglishib kelib qolgan joyimizda zerikarli hayot kechiryapmiz.


Ammo bizning ijarachilarimiz eng yaxshi odamlar. Ular bizga hamma narsada yordam berishadi. O‘zimizni yolg‘iz his qilayotganimiz yo‘q, er-xotin sifatida biz boshqa odamlarga unchalik muhtojlik sezmaymiz. Ko‘chada aylanish, kafega borish yoki restoranda ovqatlanish mumkin bo‘lmagan vaqtda qanday qilib yangi do‘stlar orttirishimiz mumkin? Buning iloji yo‘q!

Karantin masalasiga kelsak, O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni Germaniyaga qaraganda ancha yaxshiroq olib bordi, deb o‘ylaymiz. Sizlarda televizor orqali maktab dasturlarini namoyish etishdi, Germaniyada esa bolalar mart oyining oxiridan beri hech qanday ta’lim olishgani yo‘q. Sizlardagi qoidalar juda oddiy, masalan, «uydan tashqarida niqob kiyish kerak». Germaniya dastlab barchaga niqoblarning foydasi yo‘qligini aytdi, ammo may oyida aholisi niqob kiyib yurgan mamlakatlarda ahvol yaxshilanganini ko‘rishganda, rasmiylar niqob kiyishni aytishdi, lekin ko‘plab qoidalarni belgilab qo‘yishdi. Masalan, metroda siz niqob kiyishingiz kerak edi, lekin shaharlararo poyezdlarda dastlab niqoblarsiz yurish mumkin edi, shuning uchun hech kim hech narsani tushunmadi.

O‘zbekistonda haqiqiy karantin bo‘ldi, Germaniyada emas. O‘zbekistonda birinchi koronavirus bemori aniqlanganidan keyin chegaralar darhol yopildi, Germaniyada esa chegaralar ikki oydan keyin yopildi (!). Hozir u yerda 187 mingdan ortiq koronavirus bemori bor, deyarli 9 ming (!) o‘lim holatlari qayd etilgan. Tasavvur qilib ko‘ring! Germaniyaning aholisi O‘zbekistondan faqatgina 2,4 baravar ko‘proq, ammo koronavirus bemorlari soni O‘zbekistondan 40 baravar va o‘lim holatlari deyarli 450 baravar ko‘p! Aql bovar qilmaydigan holatdek tuyaladi, ammo bu achchiq haqiqat.

O‘zbekiston hukumati koronavirus bo‘yicha yetarlicha ma’lumot berib boradi (lekin ba’zida Telegramda ma’lumotlar soni ko‘payib ketadi) va o‘zimizni bu yerda xavfsizlikda his qilamiz. Bunday og‘ir damlarda Germaniyada bo‘lmaganligimizdan xursandmiz!


Ammo O‘zbekistonni qanchalik tez tark etsak, shunchalik yaxshi. Biz furgonimizga tezroq qaytishimiz kerak. Rostini aytsam, agar yana O‘zbekistonga (Yevropaga qaytish paytida) kelsak, bu yerda uzoq vaqt qolmaymiz: sayyohlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni juda qimmat ekan (bir kecha uchun 1 dan 5 dollargacha, yana bu to‘lov uchun sizga hech narsa berishmaydi) va bu asabni qo‘zg‘atuvchi «noyob» vaziyat, chunki faqatgina Uzcard kartasi bo‘lgan o‘zbekistonliklar buni qila oladi. O‘z mashinasida sayohat qiladiganlar va yashayditganlar uchun ro‘yxatdan o‘tishning imkoni yo‘q. Bularning barchasi mustaqil sayohatchilarga noqulayliklar tug‘diradi va ular o‘zlarini yaxshi kutib olinmagandek his qilishadi.

«Qizim dunyoga kelganida men uzoqda edim» — Ahmed Abdulbaset Elshetri

Men o‘z ishim bilan 12 mart kuni Tojikistondan O‘zbekistonga keldim. 16 mart kuni mening uchrashuvim bor edi va o‘sha kuni kechasi qaytib ketishim kerak edi. Ammo, afsuski, chegaralar yopildi.

Tojikiston bilan chegaralar ochilishi bilanoq, qaytib ketishim kerak. Elchixonamiz o‘z yordamini taklif etdi, lekin Tojikiston tomon bilan masalalar hal etilmadi. Reyslar yo‘q edi va chegarani kesib ham o‘tolmasdim, chunki menga viza kerak edi, mart oyidan boshlab esa vizalar berilishi to‘xtatilgandi. Hech bo‘lmasa bittasi uchib ketar deb umid qilib, ba’zi tasdiqlanmagan parvozlarga ham chiptalarni bron qildim.

Hozir men Oloy bozori ro‘parasidagi mehmonxonada yashayman. Bir oz tejagan pullarim bor va Misrdagi oilam pul masalasida yordam berib turishibdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda narxlar unchalik qimmat emas ekan va yashash xarajatlari menga mos keladi. Men vaqtimni kitob o‘qish, onlayn kurslar o‘tish va oilam bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali suhbatlashish bilan o‘tkazaman.


O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yerda hamma joyda ham suratga tushirish mumkin emasligini bilmasdim. Tunlari va karantin boshlanishida o‘zimni juda yolg‘iz his qilar edim. Bank va supermarketga borishdan boshqa hech kim bilan muloqot qilish imkoniyati yo‘q edi.

Rostini aytsam, koronavirus mening barcha rejalarimni buzdi, xotinimning ko‘zi yorishi kerak edi va men u bilan birga bo‘lishni xohlardim. Ammo, afsuski, men uzoqda bo‘lganimda qizim tug‘ildi.

Men pandemiya paytida sayohat qilmasligim yoki oilamni uzoq vaqt tark etmasligim kerakligini angladim. Agar orqaga qaytish imkoni bo‘lsa, bu safarni baribir amalga oshirar edim, faqatgina xotinimni o‘zim bilan olib kelsam bo‘ldi edi.

«Andijonda taqdirimni uchratdim va shu yerda to‘y qilmoqchimiz» — Jennifer Uiddon

Men Andijon shahriga 3 mart kuni rus tilini o‘rganish bo‘yicha ikki oylik kursda qatnashish maqsadida kelgan edim, ona-shahrim Los-Anjelesdan ozgina chalg‘imoqchi edim. Bundan tashqari, Toshkentda ajoyib bir do‘stim bor. O‘zimni yolg‘iz his qilmasligimni bilardim, chunki uning oilasi ham biz bilan birga bo‘lishini bilar edim.

Chegaralar yopilganligini aytishganida, men juda xafa bo‘ldim: darslarim bekor qilindi va kun bo‘yi uyda qolishim kerak edi. O‘zim mustaqil yozuvchiman, shuning uchun ba’zi mijozlarga murojaat qildim va bir nechta kichik shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ldim, ammo hozir moliyaviy ahvolim biroz tang. Bu safar davomida men juda toqatli ekanligimni angladim.

Men aprelda qaytib ketishni rejalashtirgan edim, ammo sentyabrgacha bu yerda qoladiganga o‘xshayman. AQSH elchixonasi yetarlicha ma’lumotlar berib turishibdi, lekin unchalik foydali bo‘lmadi. Savollarimga tezlik bilan javob olganim qoniqtirdi.

Ushbu sayohat menga O‘zbekistonning haqiqiy go‘zalligini ko‘rish va oila, do‘stlar va jamiyatning ahamiyatini tushunish imkoniyatini berdi. Amerikada odamlar hojatxona qog‘ozini g‘amlayotganlari haqidagi xabarlarni o‘qib turganimda, bu yerdagi qo‘shnilarim menga ovqat taklif qilishar va yordam so‘rasam, meni hech qachon tashlab qo‘ymasliklarini aytishar edi.


Men bu mamlakatning go‘zalligiga — uning mehmondo‘stligiga qoyil qolaman. Qo‘shnilarim har kuni ovqatlanishga taklif qiladigan va har hafta menga meva keltiradigan mamlakatda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim.

Karantin paytida men uyda qoldim, kitoblar o‘qidim, rus tilini o‘rgandim va televizion dasturlar uchun ssenariy yozdim. Hozir vaqtimni do‘stim bilan o‘tkazaman, ovqat pishiraman, baliq oviga boraman va ajoyib o‘zbek do‘stlarimning uyiga mehmon bo‘lib boryapman. Men Amerikani butun qalbim bilan sevaman, lekin bu sayohat menga ortga nazar solishimiz va bir-birimizga yordam berishimiz kerakligini, aks holda sivilizatsiyamiz oldinga siljimasligini tushuntirdi.


Men O‘zbekistonga qaytib kelishni rejalashtiryapman va umid qilamanki, ikki mamlakat orasida biznes yuritaman. Bu yerda kiyim va poyabzal ishlab chiqaradigan bir nechta kompaniyalar bilan gaplashdim, uyga qaytganimda ularning mahsulotlarini Amerikada reklama qilishni va sotishni rejalashtirganman. Bu mening yangi maqsadim.

Ushbu safar davomidagi eng muhim voqea bu do‘stlarim orqali Rossiyadan kelgan Dima ismli yigit bilan tanishganim bo‘ldi. U Andijonni juda ham yaxshi ko‘radi, hatto islom dinini qabul qilgan. U ham koronavirus tufayli yurtiga qayta olmadi. Mening rus tilim ham uning ingliz tilisi kabi yaxshi emas edi, lekin qandaydir qilib suhbat davomida hazillashardik yoki shaharda kechki ovqatlanishga birga borardik. Biroz vaqt o‘tgach, tillarni yaxshi o‘rgandik. Yaqinda esa biz unashtirildik. To‘yni qishda o‘tkazmoqchimiz. Sentyabrda men Rossiyaga uning oilasi bilan tanishish uchun boraman. Bu biz uchun eng katta marhamat bo‘ldi deya olaman. To‘yni Andijonda qilmoqchimiz va keyin shu yerda yashab qolishni xohlaymiz.


«O‘zbekistonda o‘zimni Fransiyadagidan ko‘ra xavfsizroq his qilaman» — Mari Lefevre

O‘zbekistonga 2019 yil oktyabr oyida ish bo‘yicha kelganman, undan oldin Mo‘g‘ulistonda edim. Shuni tan olishim kerakki, men mamlakatingiz va uning madaniyati haqida juda kam ma’lumotga ega edim. Hozir Toshkentda yashayman va menga bu shahar juda yoqadi: o‘rganish va kashf etish uchun juda ko‘p narsalar bor. Maktabda ishladim, shartnomam o‘quv yilining oxirida tugadi, shuning uchun iyul oyida Fransiyaga qaytishni rejalashtiryapman.

Koronavirus barcha sayohat rejalarimni buzdi. Qizlarim bilan mart oyidan beri Toshkentdamiz. Xiva va Nukusga borishni, Orol dengizini ko‘rishni rejalashtirgan edik. Afsuski, bularning barchasi bekor qilindi. Hamma narsa yopilgunga qadar mamlakat bo‘ylab sayohat qilishimiz kerak ekan.


Elchixonamiz charter reyslari haqida ma’lumot ulashish va sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar berish va boshqa masalalarda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha Fransiya fuqarolari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Men charter reysi qachonligini aniqlashtirish uchun elchixona bilan gaplashdim, lekin uchib ketmadim. Fransiyaga qaraganda Toshkentda o‘zimni xavfsizroq his qilyapman. Mo‘g‘ulistonga qaytishning esa iloji yo‘q edi, chunki ular yanvar oyida chegaralarni yopib qo‘yishgan edi.

Karantin paytida uydan turib ishlashda davom etdim, shuning uchun inqiroz mening moliyaviy ahvolimga unchalik ham ta’sir qilmadi. O‘zimni yolg‘iz his qilganim yo‘q, uchta qizim men bilan. Faqat turmush o‘rtog‘im mart oyida biz bilan ko‘rishish uchun kela olmaganidan afsusdaman.

Qizlarimga darslarini qilishda yordam berib turaman. Bo‘sh vaqtimda asosan uyda non pishiraman va yoga bilan shug‘ullanaman. Men hech qachon sport bilan shu qadar jiddiy shug‘ullanaman deb o‘ylamagandim.

Karantin paytida o‘zimizni xuddi pufak ichida yashayotgandek his qildik. O‘ylaymanki, boshqa joyda bo‘lganimizda ham, deyarli hech narsa o‘zgarmas edi. Atrofingizdagi muhit va qo‘shnilaringizga tezda ko‘nikish bu qiziq holat. Bunday vaziyat odamda birdamlik hissini uyg‘otadi.


Karantin menga chegaralar qanchalik ahamiyatsiz ekanligini tushunishga yordam berdi. Fuqarolik tushunchasi ham, qanchalik muhim bo‘lishidan qat’iy nazar, aslida hech narsa emas ekan, chunki chet elliklar mamlakatda qolishlari uchun O‘zbekiston vizalarni bepul cho‘zdirdi.

Barchasi shunday bo‘lishini bilganimda ham, albatta bu safarni amalga oshirardim! Men Toshkentda o‘tkazgan har bir soniyamdan zavqlandim. Yangi madaniyatni o‘rganish kishi uchun katta boylik, nimaning hisobiga bo‘lishidan qat’i nazar.

«Fransiyadan ko‘ra Buxoroda do‘stlarimiz ko‘proq» — Tenis Uiterdiyk

14 yildan beri men va rafiqam yiliga kamida ikki marta O‘zbekistonga kelamiz. Faoliyatimizni turizm sohasida olib boramiz.

Bir necha yillar davomida biz Shuxov minorasining qarovsiz qolganligini qayg‘u bilan kuzatdik. Prezident Mirziyoyev 2017—2018 yillarda tarixiy obidalarni xususiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobiga qayta tiklash loyihasini e’lon qilganida, o‘zbek xalqiga do‘stligimizni ko‘rsatish maqsadida Shuxov minorasini rekonstruksiya qilish ishlarida xususiy investor sifatida qatnashdik. Minora rekonstruksiya qilingach, ikkita restoran ochdik va panoramali lift qo‘ydik. Endi minora Bukhara Tower deb nomlanadi.

Foto: Bukhara Tower

Bu safar biz 6 mart kuni Parijdan Buxoroga uchib keldik. Sayyohlik mavsumi boshlanishidan oldin chiroyli panoramali ko‘rinishga ega Bukhara Tower restoranidagi ishchilarimiz mehmonlarni kutib olishga qanday tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini o‘rganmoqchi edik. Vaziyat shunday o‘zgarib ketishi mumkinligini bilsak ham kelardik. 9 aprelda esa ortga qaytmoqchi edik.

Qattiq karantin choralari joriy etilgach, bizning restoranimiz yopildi, shuning uchun biz hozir daromad olmayapmiz. Shuningdek, yaqinda Buxorodagi kuchli shamol tufayli biz ham zarar ko‘rdik. Shunga qaramasdan, biz ishchilarimizga ish haqini to‘lashni davom ettirmoqdamiz. O‘zimizda esa moliyaviy muammolar yo‘q.

Yaqin do‘stlarimiz bizga o‘z uylaridan joy ajratib berishgan, ularnikida yashayapmiz. Bu yerda o‘zimizni yolg‘iz his qilmaymiz, Buxoroda juda ko‘p do‘stlarimiz bor… Fransiyadagidan ham ko‘proq.

Foto: Bukhara Tower yuqorisidagi panorama maydonchasi.

Rostini aytsam, men pandemiya paytida Fransiyada emas, balki Buxoroda qolishni ma’qul ko‘raman. Buning sabablari oddiy: chunki bu yerda qattiq sanitariya choralari juda tezda joriy etildi. Fransiyada bo‘lgani kabi niqoblarning yetishmovchiligi ham yo‘q. O‘zbekistonda hamma o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish tartibini to‘g‘ri tushunib, uyda qoldi. O‘zbekiston aholisida hurmat tuyg‘usi juda kuchli va ular sanitariya qoidalariga amal qiladi. Fransiyada esa hamma niqob yetishmovchiligidan aziyat chekdi va rasmiylar aholiga aniq ko‘rsatmalar bermadi.

Rafiqam, AuthenticTravel sayyohlik agentligining rasmiy vakili sifatida, ularning ishlari bilan band, pandemiya tufayli ko‘plab sayohatlar qoldirildi va shartnomalar hamda hujjatlarga o‘zgartirish kiritish zaruriyati paydo bo‘ldi. Men ham ushbu agentlik ishlari bilan shug‘ullanaman, veb-saytni yuritaman.

Shuningdek, Buxoro turizmni rivojlantirish bo‘linmasiga ko‘ngilli sifatida o‘z xizmatlarim va turistik xizmatlar sohasidagi xorijiy tajribam bilan bo‘lishishni taklif qildim. Bundan tashqari, Buxoro shahridan 40 km uzoqlikda cho‘l hududida joylashgan Bukhara Desert Oasis and Spa yangi kurort zonasida marketing bo‘yicha maslahatchiman. Ko‘rinib turibdiki, men juda bandman va o‘z ishlarimni o‘zbekistonlik birodarlarim uchun katta zavq bilan bajaraman.

Foto: Bukhara Desert Oasis and Spa

Reyslar tiklanib, chegaralar ochilishi bilan biz qaytib ketamiz. Toshkentdagi Fransiya elchixonasi o‘z fuqarolariga yaxshi g‘amxo‘rlik qilmoqda. Karantin e’lon qilingach, biz elchixonaga chegaralar ochilib, aviareyslar tiklanmaguncha qolishimiz mumkinligini aytdik. Ular biz bilan doimiy aloqada bo‘lib turishadi va biz ularning g‘amxo‘rlikliklari uchun juda minnatdormiz.

Shuningdek, biz «Aeroflot»ning Moskvadagi vakolatxonasidan Fransiya bilan reyslar tiklanishi bilanoq bizni xabardor qilishni so‘radik. Ular ham biz bilan doimiy aloqada. Kutamiz va ko‘ramiz.


Ammo biz bu yerga 2 yoki 3 oy ichida qaytishni rejalashtirmoqdamiz.

Karantin davrida men uchun hech narsa o‘zgarmadi, faqat imkon qadar O‘zbekistonda ko‘proq qolishni xohlayapman. Rafiqam va men go‘zal O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘ramiz.

«Shunday antiqa davrda Markaziy Osiyoda yashaganimdan g‘ururlanaman» — Mari-Veronik Beilli Lefevre

Men O‘zbekistonga 29 fevral kuni Frankfurtdan uchib keldim. Toshkentda yashaydigan qizimning holidan xabar olib, O‘zbekistonni o‘zim uchun kashf qilmoqchi edim. 29 mart kuni qaytib ketishim kerak edi.

Karantin tufayli qizim Samarqand va Buxoroga sayohatimizni bekor qildi. Navro‘z kuni biz bu shaharlarga tashrif buyurishimiz kerak edi, afsuski, bunday bo‘lmadi. Qizim Fransiya elchixonasi bilan bog‘lanib, menga charter reyslari haqida xabar berib turdi.

Birinchi charter reysi mart oyida uchdi, lekin men ilgari sotib olgan chiptam bilan uchib keta olishimga umid qilgandim. Reysim 4 marotaba bekor qilindi. Bu amalga oshmasligini anglab, may oyida uchib ketishga qaror qildim, lekin Uzbekistan Airways xodimi bilan bir-birimizni noto‘g‘ri tushundik: chiptani sotib olish uchun Amir Temur ko‘chasi, 41-uyga bordim, 51-uyga borishim kerak ekan.

Ushbu omadsizlikni Toshkentda uzoq vaqt qolishim kerakligi belgisi sifatida qabul qildim! Boshida kelganimdayoq shahar bo‘ylab ekskursiya uyushtirganimdan juda xursandman. Chunki Toshkentning qanday ko‘rinishga ega ekanligiga guvoh bo‘ldim: yorqin va rang-barang shahar.

Bu yerda qizim bilan yashayapman. Karantin paytida yoqimli va yoqimsiz vaziyatlar bo‘ldi. Kun tartibim o‘zgardi: uydan dars beradigan va bolalari bilan uy vazifasini bajaradigan qizimga yordam berdim, oshpaz bo‘lib, kechki ovqat pishirdim va ko‘p o‘qidim.

Xudoga shukur, Internet bor ekan. Fransiyadagi o‘g‘lim va oilam bilan doimiy ravishda xabarlashib turaman, ular o‘zimni yolg‘iz his qilishimga yo‘l qo‘ymaydilar.

Hech bir kishi bunday tajribaga tayyor emas. Karantin paytida o‘ylaganimdan ko‘ra chidamliroq ekanligimni angladim.

Barchasi shunday tus olishini bilganimda ham, albatta bu safarni amalga oshirardim. Men deyarli 72 yoshdaman va shunday antiqa davrda Markaziy Osiyoda yashaganman, deb g‘urur bilan ayta olaman.

Maqolani tayyorlaganlar:
Davlat Umarov