1 avgustdan O‘zbekistonning barcha hududiy aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati. 12 iyun kuni O‘zbekiston transport vaziri bu haqdagi tegishli buyruqni imzoladi.

“Ochiq osmon” rejimi 1 avgustdan boshlab Xalqaro havo liniyalari bo‘yicha tranzit to‘g‘risidagi bitim (IATA) “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni o‘zgartirish imkoniyati bilan Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” huquqini qo‘llagan holda joriy etiladi.

Buyruqqa muvofiq “Ochiq osmon” rejimi:

  • Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoi va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;
  • Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlarning aviakompaniyalariga ko‘rsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz O‘zbekiston tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yo‘nalishlarda “beshinchi havo erkinligi” va yo‘lovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;
  • Samarqand shahridagi aeroportda qayta ta’mirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.

Mazkur rejimga muvofiq, Navoiy va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun “yettinchi havo erkinligi"ga qadar bo‘lgan huquqlar beriladi.

Yangi havo yunalishlarini ochishga qiziqish bildirgan yoki parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar kerakli hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda Transport vazirligi qoshidagi Aviatsiya agentligiga va Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishi lozim. Ushbu masala yuzasidan barcha murojaatlar qisqa fursatda ko‘rib chiqiladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Ochiq osmon” rejimida xalqaro avikompaniyalarga mamlakatdagi aeroportlar va ular ko‘rsatadigan xizmatlar ochiq bo‘ladi. Ushbu rejim tranzit parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etishi bilan bir qatorda, aviakompaniyalarning narx siyosatiga aralashmaslik, samolyotlar va ularning quvvati turlariga aloqador cheklovlarning mavjud emasligi kabi ustunliklarga ham ega.

“Beshinchi havo erkinligi” — o‘z mamlakatida boshlanadigan yoki tugaydigan uchish asnosida ikki xorijiy davlat o‘rtasida parvoz qilish huquqi. Masalan, Hindiston aviakompaniyasi tomonidan Moskva-Toshkent-Dehli reysi.