Markaziy bank 1 iyul kunidan boshlab 200 va 500 so‘mlik qog‘oz pullar muomaladan chiqarilishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy bankning eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalari, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik va 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 1 iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

“Eski namunadagi ushbu pul belgilari 1 iyulga qadar barcha tijorat banklari bo‘linmalari, 1 iyuldan keyin esa Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinadi va muomaladagi pul belgilariga cheklanmagan miqdorda almashtirib beriladi”, — deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan, Markaziy bank fuqarolarda eski namunadagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlari mavjud bo‘lsa, belgilangan tartibda muomaladagi pul belgilariga almashtirib olish mumkinligini xabarda eslatib o‘tdi.

Eslatib ztamiz, bir yil muqaddam Markaziy bankining eski namunadagi 50 so‘mlik, 100 so‘mlik tangalari hamda 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlari to‘lov qobiliyatini yo‘qotib, muomaladan chiqarilgandi.