Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi oqdaryolik haydovchi asossiz jarimaga tortganligi va u haqiqat izlab idorama-idora yugurishga majbur bo‘lgani tufayli tuman ma’muriy sudi IIB YHXBdan haydovchining foydasiga 1,5 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi to‘g‘risida qaror chiqardi.

Qayd etilishicha, 2018 yil 17 may kuni Anvar (ism o‘zgartirilgan) boshqarib kelayotgan Damas avtomashinasini Oqdaryo tumani Loyish shaharchasiga kirishda viloyat IIB YHXB xodimi to‘xtatadi.

U haydovchiga “Yo‘l harakati qoidalari"ning 194 va 56-bandlarida ko‘rsatilgan talablarni buzib, sidirg‘a chizig‘i ustida harakatlangani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Oqdaryo tumani IIB YHXB unga nisbatan MJtK 128-moddasiga asosan 86120 so‘m ma’muriy jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan.

O‘z o‘rnida, Anvar unga nisbatan tayinlangan jarima to‘lashga majburiyatidan norozi bo‘lib, tuman ma’muriy sudiga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi. Sudning hal qiluv qarori bilan yuqorida keltirilgan jarima tayinlash haqidagi qaror bekor qilinadi.

“Shundan so‘ng, Anvar jarima qaytarilmaganligi, IIB YHXB rahbariyati va boshqarma xodimining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida u haqiqat izlab idorama-idora yugurishga majbur bo‘lgani, fuqarolik haq-huquqlarini oyoq osti qilishlari oqibatida juda katta ma’naviy zarar yetgani, asablari surunkali ravishda buzilib, sog‘lig‘ini yo‘qotgani uchun fuqarolik sudiga da’vo arizasi murojaat qilib, moddiy va ma’naviy zararni undirishni so‘raydi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, nizo boshidan Anvar tuzilgan ma’muriy bayonnoma yuzasidan o‘z huquqlarini talab qilgan va u tegishli ma’muriy bayonnomaga e’tirozlarini yozmoqchi bo‘lgan, biroq unga bunday imkoniyat berilmagan.

Oqdaryo tumani ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan yuqorida keltirilgan holat bo‘yicha Anvar asossiz ravishda, shoshma-shosharlik bilan ma’muriy jazoga tortilganligi sababli unga nisbatan tayinlangan jarima jazosi bekor qilinib, ish yuritish to‘xtatilgan.

Kassatsiya instansiyasi sudi Anvarga g‘ayriqonuniy ma’muriy jazo tayinlanib, asossiz ravishda jarimaga tortilganligi oqibatida u ma’naviy qayg‘urish va noqulaylikni boshidan kechirgani, jarimani to‘lab moddiy zarar ko‘rganini inobatga olib, javobgar Samarqand viloyat IIB YHXBdan da’vogar Anvar foydasiga 86120 so‘m moddiy zarar, 1,5 mln so‘m ma’naviy zararni undirishni belgiladi. Shuningdek, 608,2 ming so‘m dastlab to‘langan davlat boji, 16190 so‘m pochta xarajati ham IIB YHXBdan undiriladigan bo‘ldi.