1996 yil qabul qilingan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida» gi qonunga qo‘shimcha kiritilishi kutilmoqda. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi.

Loyihada ta’kidlanishicha, bugungi kunda shifokorlar tomonidan bemorlarga dori vositalarini nooqilona tayinlanishi va dori vositalarining tayinlanishida farmatsevtik tashkilotlardan manfaatdor bo‘lish holatlari kuzatilmoqda.

Ushbu muammoning oldini olish maqsadida mazkur qonun loyihasi bilan tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlar olishiga taqiq қўйишни belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, eng asosiy qo‘shimcha, bu — tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatidagi cheklovlarning aniq belgilanishidir. Bunda, tibbiy muassasalar rahbarlari va tibbiyot xodimlariga quyidagilar ta’qiqlanadi:

  • dori vositalarining savdo nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan, dori vositalarini ishlab chiqarish va (yoki) sotish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, dorixonalar, ularning filiallaridan hamda ularning nomidan faoliyat yurituvchi vakillar yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan moliyaviy mukofotlar, moddiy va nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday rag‘batlar olish;
  • farmatsevtika tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladigan ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etish yoki sayohat qilish;
  • farmatsevtika tashkilotlari, dorixonalar va ularning vakillari bilan dori vositalarini tayinlash yoki bemorlarga tavsiyalar berish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
  • farmatsevtika tashkilotlari va ularning vakillaridan dori vositalari namunalari va tibbiy buyumlarni olish, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlarni bemorlarga va tibbiy muassasaga tashrif qiluvchilarga berish;
  • dori vositalarini tayinlashda ushbu dori vositalari to‘g‘risida bemorlarga noaniq va (yoki) to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar berish, shuningdek tayinlanayotgan dori vositalari analoglarining muomalada mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni yashirish;
  • farmatsevtika tashkilotlari vakillari bilan tibbiy muassasa hududida, shuningdek kasbiy faoliyatini amalga oshirishda uchrashish;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan retsept blankalarida retsept yozish va berish.

«Taklif etilayotgan qo‘shimchani kiritish shifokorlar tomonidan dori vositalarini nooqilona tayinlash hamda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olishga hamda shifokorlar va farmatsevtlar tomonidan dori vositalarini to‘g‘ri tayinlash va qo‘llash qoidalariga rioya etilishini ta’minlanishiga olib keladi», — deyiladi qonun loyihasi bilan birga keltirilgan tushuntirish xatida.

Konun loyihasi muhokamalari 26 iyunga qadar davom etadi.