16 iyun kuni KXDR chegaradosh Keson shahridagi Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqa binosini portlatib yubordi, deya xabar berdi Reuters. Pxenyanning bunday ish tutishiga Janubiy Koreya tomonidan tashviqot varaqalari jo‘natilgani sabab bo‘lgan.

Keson Janubiy Koreya poytaxti Seuldan 50 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, harbiy harakatlar boshlangudek bo‘lsa, shimolliklar armiyasining janub bo‘yicha eng asosiy yo‘nalishiga aylanadi, deb taxmin qilinadi.

Ayni damda, Koreya Respublikasi qurolli kuchlari Shimoliy Koreyani kuzatish bo‘yicha diqqatini kuchaytirgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya harbiylari tezkor safarbarlik holatiga chaqirilgan. Yetakchi bo‘linmalarga o‘z dislokatsiyalarida qolish buyrug‘i berilgan.

Pxenyan 9 iyundan boshlab Seul bilan barcha mavjud aloqa kanallarini to‘xtatishini e’lon qilgan edi. 13 iyun kuni esa davlat rahbarining singlisi Kim Yo Chjon bu borada keyingi qadamni qo‘yishga tayyor ekani, bunda birinchi bo‘lib umumiy aloqa idorasi yo‘q qilinishi va uni amalga oshirish Bosh shtabga yuklatilishi haqda e’lon qildi.