Toshkent metrosi Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi — uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan bosqichida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlari «Shahriston» bekatiga ulandi. Metro poyezdlarining sinov tariqasida harakatlanish ishlari amalga oshirildi, deya xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot-tahliliy media markazi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2016 yilning dekabridan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Yunusobod» liniyasining «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlarigacha bo‘lgan uzunligi 2,9 kilometrdan iborat bitkazilmay qolgan hududida bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan edi.


Ushbu loyiha «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «Ko‘prikqurilish tresti» unitar korxonasi tizimidagi 67-Ko‘prikqurilish otryadi mutaxassislari tomonidan bajarildi. «Toshkent metro loyiha» mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida bunyodkorlik ishlari bajarilgan ob’ektning umumiy qiymati 103,8 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu loyihani yer osti tunnel qismini burg‘ulash ishlari Markaziy Osiyoda ilk bor qo‘llanilgan Germaniya texnologiyasi asosida mexanizatsiyalashtirilgan kompleks yordamida qazilishi hamda yuqori sifatli temir-beton tyubinglar o‘rnatilishi bilan ahamiyatlidir. Har bir bekat kompleks qurilishida monolit beton uslubi qo‘llanildi.


Quruvchi mutaxassislar tomonidan yer osti tunnel qismini o‘ng va chap yo‘nalishi bo‘yicha burg‘ilash ishlari 100 foiz bajarilib, «Shahriston» bekatiga ulandi. Tunnel qismini o‘ng va chap yo‘nalishi bo‘yicha kommunikatsiya (elektr va aloqa kabellarni tortish) ishlari yakunlandi. Ob’ektdagi «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari ham yakuniga yetdi, hamda bekatlarning 4 tomonli piyodalar o‘tish yo‘laklari to‘liq qurib bitkazildi.

Yer osti tunnel qismi va bekatlarning o‘ng va chap yo‘nalishlarida 2,9 kilometrdan iborat temir yo‘llarni yotqizish, elektr va aloqa o‘tkazgichlarini (kabellar) o‘tkazish ishlari bajarilib, ushbu yotqizilgan temir yo‘ldan metro poyezdlari sinov tariqasida harakatlandi. «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari bezaklarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish xomashyolaridan foydalanib, IT rusumidagi turniketlar, yer osti tunnel qismi va bekatlarida esa elektr tejamkorli yoritish chiroqlari o‘rnatildi.


Shuningdek, bekatlar tarkibidagi nimtortish elektr stansiyalarida zamonoviy va tejamkor elektr transformatorlari o‘rnatilganligi elektr energiyasini sifatli va uzluksiz yetkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

«E’tiborlisi, quruvchilarimiz tomonidan imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar uchun ham bekatlar platformasida qulay va xavfsiz maxsus bo‘rtib chiqqan taktil plitkalar yotqizilganligi poyezd vagonlariga chiqishda qo‘shimcha xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, bekatlarga tushish va chiqish zinalarida nogironlar aravachasi bilan kirib chiqishda foydalaniladigan zamonaviy qiyali elektromobil aravachalari bilan jihozlanganligi imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarning zinalardan tushish va ko‘tarilishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi», — deyiladi xabarda.


Toshkent metropolitenining Yunusobod liniyasi 2-bosqichi qurilishida Germaniya hamda Italiya davlatlarining jahonga mashhur korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish texnikalaridan ham unumli foydalanildi. 2 ta 220 tonnalik yukni ko‘taradigan zanjirli kran, 3 ta 70 tonnalik yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, ishlab chiqarish quvvati soatiga 20 va 40 kub metrni tashkil etuvchi mobil beton zavodlari, metalloprokatga ishlov beruvchi 14 ta qurilma, ikkita o‘ta og‘ir, 350 tonnalik yuklarni tashuvchi avtoulov hamda qurilish qoziqlari qoqadigan va burg‘ilash uskunalaridan yer osti bekati hamda liniyalarini qurishda unumli foydalanildi.

«Turkiston» bekati o‘ziga xos ko‘rkam dizayneri bo‘yicha Toshkent metropolitenining hech bir bekatini takrorlamaydi. Ushbu bekatning chap va o‘ng tomonidan ikkitadan to‘rtta kirish yo‘lagi qurildi va atrofi obodonlashtirilib, zamonaviy monitorlar o‘rnatildi. Har tomonlama qulay chiptaxona va zamonaviy elektron turniketdan foydalanish ham yo‘lovchilar vaqtini tejash uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi, deya ta’kidlanadi xabarda.


Bekatning ichki qismi oq marmar plitalar bilan bezatilgan bo‘lib, 100 metrlik perron va unda 2 qator oq marmar toshlar bilan pardozlangan ustunlar o‘rnatilgan. Bekat devorining bir tomoniga O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Turkmaniston davlatlarining diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlari, ikkinchi tomoniga esa qadimiy Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent shaharlari hamda Farg‘ona viloyatining tarixiy maqbaralari, muqaddas qadamjolari mozaika ko‘rinishidagi suratlar ishlangan.

Bekatning har bir hududi to‘liq kuzatuv va xavfsizlik kameralari, zamonaviy konditsionerlar hamda havo ventilyatorlari va ovoz chiqaruvchi texnikalar bilan jihozlangan. Bekatlarga kirish va chiqish hududlarida yo‘nalish belgilari o‘rnatildi.

Bekatga kirish qismida Toshkent shahrining zamonaviy va qadimiy ko‘rinishi aks etgan tasviriy oyna ko‘rinishidagi suratlar o‘rnatilgan. Bekatning ikki tomoni esa 6 ta zamonaviy monitor bilan jihozlangan.

Yunusobod liniyasi yangi bekatlar bilan hisoblaganda 8 ta bekatdan iborat. Ahmad Donish ko‘chasida qurilgan «Tukiston», «Yunusobod» hamda mavjud «Shahriston», «Bodomzor», Minor", «Abdulla Qodiriy», «Yunus Rajabiy» «Ming o‘rik» dan iborat. Ushbu yo‘nalish «Yunus Rajabiy» bekatidan Chilonzor yo‘lining «Amir Temur» hamda «Ming o‘rik» bekatidan esa O‘zbekiston yo‘lining «Oybek» bekatiga ulanadi. Ushbu liniyaning yangi bekatlari foydalanishga topshirilgach bir kunda «Yunusobod» bekatida qo‘shimcha 5 ming yo‘lovchiga, «Turkiston» bekatida esa 2 yarim ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.


Ma’lumot uchun: «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan poytaxtda bunyod etilayotgan Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan Do‘stlik-2 — Qo‘yliq yo‘nalishida loyihada belgilangan jami 7 ta stansiya hamda 11 kilometr yo‘llar to‘liq qurib bitkazilgan edi.

Ma’lumki, Yunusobod tumani Toshkent shahri aholi joylashuvi bo‘yicha eng zich hududlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ushbu tumanda 2001 yilning avgust oyida 7,6 kilometrlik 6 ta bekatdan iborat «Yunusobod» yer osti metro yo‘lining 1-bosqichi ishga tushirilgan edi.