O‘zbekiston madaniyat vaziri — Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori lavozimiga Ozodbek Nazarbekov tayinlandi, deya xabar beradi Madaniyat vazirligi axborot xizmati.

Avvalroq O‘zbekiston davlat konservatoriyasining O‘zbek maqom san’ati fakulteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu oliy o‘quv yurti 26 iyun kuni e’lon qilingan prezident qaroriga ko‘ra maqom ijrochiligi, xalq musiqasi yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasasi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ozodbek Nazarbekov endilikda bir vaqtning o‘zida madaniyat vaziri va rektor vazifasini bajaradigan bo‘ldi, deya izoh berdi vazirlik.