21 iyun kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida qisman quyosh tutilishini kuzatish mumkin bo‘ladi, deya xabar berdi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti.

Unga ko‘ra, yer yuzi aholisi mazkur astronomik hodisani kuzatishlari mumkin. Ushbu tutilish to‘liq shakldagi halqasimon tutilish hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida quyosh yuzasining 99,4 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi to‘liq fazasining davomiyligi 38 sekundga teng bo‘lishi ma’lum qilindi.

Ushbu astronomik hodisa Afrika, Arabiston yarim oroli, Yevroosiyo, Yapon va Malay arxipelagi hamda Avstraliya hududlarida joylashgan 111 ta davlatda kuzatish mumkin.

Bular ichida (Kongo Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Efiopiya, Saudiya Arabistoni, Eriteria, Yaman, Ummon, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Tayvan) 14 ta davlat aholisi to‘liq shakildagi halqasimon quyosh tutilishini kuzatish imkoniga egalar.


O‘zbekiston barcha hududida qisman quyosh tutilishi kuzatiladi. Quyosh tutilishi eng katta qiymatiga erishgan vaqtida mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida ya’ni, Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyatida quyosh yuzasining 39% dan 50% gacha bo‘lgan qismi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida esa quyosh yuzasining 58% gacha bo‘lgan qismi oy tomonidan to‘siladi. Mamlakatning eng janubiy hududi — Termiz shahrida esa bu qiymat 63% gacha yetadi.

Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 10:01 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 11:24 da kuzatiladi. Shu paytda oy quyosh yuzasining 51% ini to‘sadi va bu vaqtda quyoshning gorizontdan balandligi 68° ni tashkil qiladi. Toshkent shahrida Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat 49 daqiqani tashkil etadi. Soat 12:51 da quyosh tutilishi yakuniga yetadi.


Manba: Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti

Ma’lumot uchun, halqasimon quyosh tutilishi deb quyosh yuzasining markazi oy tomonidan to‘silganida soya atrofida inhgichka yorug‘ halqa hosil bo‘lishiga aytiladi. Quyosh tutilishining halqasimon bo‘lishi oy va yer orasidagi masofaning odatdagiga nisbatan kattaroq bo‘lishi bilan izohlanadi. Oy yerga qanchalik yaqin paytda tutilish bo‘lsa quyoshning shunchalik katta qismi to‘siladi.

Tutilish kattaligi (magnitudasi) — bu o‘lcham bilrligiga ega bo‘lmagan kattalik bo‘lib, u to‘silayotgan jism diski diametrining qancha qismi to‘suvchi jism tarafidan qoplaganligini ifodalaydi. Tutilish kattaligi qiymati 0.0 dan 1.0 oralig‘ida o‘zgaradi va uning qiymatiga qarab tutilishi asosiy uchta qisman, halqasimon va to‘liq tutilish turlariga bo‘linishi tushuntirib o‘tadi olimlar.

Shu o‘rinda institut ayrim ko‘rsatmalar va maslahatlar berib o‘tdi. Quyosh tutilishini maxsus quyosh nurini yutuvchi qora ko‘zoynak, qoramtir tekis shisha yoki payvandlash маскаси yordamida kuzatish mumkin.

Optik qurilmalar — durbin yoki teleskopdan foydalanib zinhor quyoshga qaramaslikka institut olimlari chaqirdi. Bu ko‘zga zarar yetkazadi. Qurilmalardan foydalanishdan avval ularga albatta maxsus quyosh filtrlarini o‘rnatish kerak, deya ta’kidlashadi