Xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar yoki 1 trillion so‘mdan ziyod kredit resurslari ajratiladi. O‘zbekiston prezidenti 16 iyun kuni tegishli qarorni imzoladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kredit tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning hozirda 15 foizni tashkil etuvchi asosiy stavkasidan 4 foiz past qilib beriladi.

Kreditlar xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga, ayniqsa maishiy, ta’lim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarni tashkil etish (moliya va savdo sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlari bundan mustasno) va jihozlash uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi.

Kredit mablag‘larining kamida 20 foizi ayollar va yosh tadbirkorlarga ajratiladi.

Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 64 ta faoliyat turi uchun “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xizmat ko‘rsatish sohasi aholi bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanishi ta’kidlandi. Mamlakatda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, servis industriyasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.

Yig‘ilishda soha salohiyatidan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni ta’mirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik sub’ektlari kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kamida 160 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratish mumkin.

“Hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor”, — deb yozadi davlat rahbari matbuot xizmati. Prezident shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni o‘rganishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika ma’lumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Hududlar rahbarlari bu imkoniyatdan samarali foydalanib, xizmat ko‘rsatish sohasida ko‘p ish joyi yaratadigan va tez amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirishi zarurligi ta’kidlandi.