O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.

«Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko‘rsatib turibdi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va mas’uliyatni o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o‘ylab, nafaqat o‘zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa’y-harakatlarimiz yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag‘rikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib o‘tadi.

Respublika maxsus komissiyasiga o‘z faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.