Respublika maxsus komissiyasining karantin vaqtida faoliyat yuritishga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub’ektlarida belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda, ushbu shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mazkur sub’ektlar hisobidan qoplanishi haqidagi qarori internetda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda ushbu qaror yuzasidan tushintirib o‘tdi.

«Qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad shundaki, „yashil“ va „sariq“ hududlardagi qurilish, ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish sohalari tadbirkorlik sub’ektlari to‘liq holda ma’suliyatni his qilishlari lozim», — tushuntirdi Nurmat Otabekov.

Qabul qilingan karantin talablariga ko‘ra, tashkilot xodimlari, xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar niqob va qo‘lqoplarda bo‘lishi, tashrif buyuruvchilar orasida masofa saqlanishi lozim. Har bir mijozdan so‘ng stol sirti va boshqa predmetlar dezinfeksiya qilinishi kerak, dedi u.

«Eng asosiy maqsadimiz — kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga yuqishiga yo‘l qo‘ymaslik. Respublikada og‘ir mehnatlar evaziga jilovlangan epidemik vaziyatni murakkablashtirib yubormaslik, yana karantin va cheklov tadbirlarini keskin va qattiq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik», — deya ta’kidladi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Kuzatuv kameralari aybsizlik dalili sifatida

Nurmat Otabekovning aytishicha, kasallik tarqalish ob’ektini aniqlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi, shuningdek epidemiologik va boshqa turdagi qidiruv ishlari olib boriladi.

«Epidemiologik qidiruvlar vaqtida shubhali hududlar o‘rnatiladi. Keyin esa ushbu taxmin isbotlanishi kerak bo‘ladi», — deb tushuntirdi u.

Nurmat Otabekovning qayd etishicha, sanitariya qoidalarini va epidemiya bilan kurashish talablarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga kasallik tarqalishi borasida ayblovlar qo‘yish asosiy maqsad emas.

«Tadbirkorlarga ularning hududida kasallik tarqalishiga sharoit bo‘lmaganligini isbotlash uchun imkoniyat beriladi. Birinchidan, ular to‘liq ravishda barcha sanitariya-gigiyena talablarini bajarishlari lozim. Ushbu talablar bajarilishini tekshiruvchi xodimlar buning guvohi bo‘lishlari va tekshirishlari kerak bo‘ladi. Biz bir narsani tushunishimiz kerak: har bir tadbirkorlik sub’ektiga bittadan sanitar shifokor yoki epidemiolog qo‘yib qo‘ya olmaymiz. Shuning uchun biz har bir tadbirkorga o‘z muassasasida videokuzatuv kameralarini o‘rnatib qo‘yishni maslahat bergan bo‘lar edik», — dedi Nurmat Otabekov.

«Epidemiologik kidiruv ishlari davomida videolavhalar orqali sanitar-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilinayotganligini isbotlash mumkin bo‘ladi. Asosiy maqsad shundaki, har bir sub’ekt o‘ziga berilgan imkoniyatlardan o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarib olishi va o‘z ishiga ma’suliyat bilan yondashishi lozim», — dedi u.